Sayyoramizda iqlim o‘zgarishiga aloqador salbiy vaziyat yildan yilga yaqqolroq namoyon bo‘layotgani yangilik emas. Aksariyat hollarda bunga Yer yuzida harorat yuqorilab borayotgani sabab qilib ko‘rsatiladi. Harorat ko‘tarilishi esa sanoatning tez sur’atda rivojlanishi, insoniyatning tabiiy zaxiraga ehtiyoji haddan ziyod ortgani, zamin bag‘rida million yillar davomida yashirinib yotgan boyliklar ayovsiz qazib olinayotgani va yoqib yuborilayotgani bilan bog‘liq. Qolaversa, Yer yuzi aholisi jadal ko‘payishi, shunga mos ravishda iste’mol ko‘rsatkichi oshishi ham iqlim o‘zgarishiga, sayyoramiz harorati ko‘tarilishiga olib kelayotir.
Iqlim o‘zgarishiga faqat yuqorida keltirilgan sabablar bahona emas ekan. Falakdagi evrilish, koinot harakati ham iqlim o‘zgarishiga ta’sir etarkan.
Olam yaralibdiki, koinotda harakat bir zum to‘xtagani yo‘q. Bir guruh olimlar iqlim o‘zgarishi sababini insoniyatning xo‘jalik faoliyatidan qidirmay, cheksiz fazoga ham nigoh tashlamoqda. Bu bejiz emas, albatta. Ularning fikricha, Yer va Quyosh orasidagi masofa o‘zgarishi ham iqlim tebranishiga olib keladi. Gap shundaki, sayyoramiz shaklan biroz elliptik orbitaga ega, ya’ni Quyosh atrofida aylana bo‘ylab harakatlanmaydi. Yerdan Quyoshgacha bo‘lgan masofa o‘rtacha 150 million kilometrni tashkil etadi.

Yerning oval orbitasi tufayli ushbu masofa yil davomida 147 va 152 million kilometr oralig‘ida muntazam o‘zgarib turarkan. Shu bilan birga Yer va Quyosh o‘rtasidagi bo‘shliq hamon ortib bormoqda, sayyora yulduzdan uzoqlashmoqda va bu oxir-oqibat iqlim o‘zgarishiga olib kelyapti.
Ayni muammo tashvishlanishga arziydimi? Kaliforniya universiteti (AQSH) koinotshunosi “LiveScience” nashrida e’lon qilingan ilmiy maqolasida shu savolga javob topishga urinib ko‘rgan.
Santa-Kruzdagi Kaliforniya universiteti astronomi Brayan DiJorjio Yerdan Quyoshgacha bo‘lgan masofa asta-sekin o‘syapti, deb hisoblaydi. Bunga Quyosh asta-sekin o‘z massasini yo‘qotayotgani, shuningdek, ikki kosmik jismning bir-biriga o‘zaro tortishish ta’siri pasayib borayotgani sabab, degan fikrni bildirdi olim.

"Bizning Quyosh, hisob-kitobga ko‘ra, taxminan 5 milliard yil yashaydi. Demak, asta-sekin oftob so‘na boshlaydigan vaqt keladi. Shungacha Quyosh o‘z og‘irligining, taxminan, 0.1 foizini yo‘qotadi. Garchi, bu farq yulduz uchun sezilmasa-da, bu ko‘rsatkichni Yerdan 318 karra og‘irroq bo‘lgan Yupiterning massasi bilan solishtirish mumkin", deydi DiJorjio. Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, Quyosh, allaqachon, massasini yo‘qota boshlagan va shu bois, Quyoshning tortishish kuchi ham zaiflashmoqda. DiJorjio ta’kidicha, Yer Quyoshdan yiliga 6 santimetrcha uzoqlashmoqda. Bu ko‘pmi, oz, borliq uchun qay darajada xavfli? Ushbu savolga javob qidirgan olim "Hozircha, bu haqda tashvishlanmang, bu juda kam masofa", dedi. Nima bo‘lganda ham, ayni faktning o‘zi tashvishga asos bo‘la oladi.

Olimlar fikricha, paydo bo‘lganiga, taxminan, 4.5 milliard yil bo‘lgan Quyosh hozir o‘z hayot yo‘li o‘rtasida turibdi. Shu vaqt oralig‘ida juda ko‘p voqea sodir bo‘ldi: jumladan, Yer paydo bo‘ldi, sayyorada hayot qaynadi. Koinotshunoslar yana bir necha milliard yil ichida bizning bosh yoritgichimiz "qizil gigant"ga aylanishini ta’kidlamoqda. Zamonaviy davr astronomlari Quyoshni "asosiy ketma-ketlik yulduzi" deb atashadi. Bu konsepsiya yoritgich bugungi kunda hayotining eng barqaror bosqichida ekanini anglatadi. Hozirgi vaqtda quyosh yadrosining asosiy komponenti - vodorod geliyga aylanmoqda, buning natijasida Quyosh tajovuzkorlik ko‘rsatmaydi. Yulduzning kattaligini hisobga olsak, bunday jarayon sakkiz milliard yildan ortiq davom etmaydi, deya taxmin qilish mumkin. Bizning sayyoramiz to‘rt yarim milliard yoshda. Shu sababli Quyosh hozir "sokin" fazasining yarmini bosib o‘tdi, deyishyapti olimlar.
Saidmurod RAHIMOV, O‘zA