Bugun Milliy matbuot markazida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tasarrufidagi “Yer qa’ridan foydalanish markazi” davlat muassasasi tomonidan “Yer qa’ridan foydalanish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va tadbirkorlik sub’ektlariga yaratilayotgan shart-sharoitlar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Ushbu tashkilot mas’ullari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan anjumanda “Yer qa’ridan foydalanish markazi“ DM direktori Shuhrat Mirxodiyev, markaz direktori o‘rinbosari Elyor Fozilov va bo‘lim boshlig‘i O‘ktam Jabborov tizimda olib borilayotgan ishlar va ularning natijalari haqida ma’lumot berdi.
Aytilishicha, yer qa’ridan foydalanish sohasini takomillashtirishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 27 iyuldagi “Ma’muriy islohotlar doirasida tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash yuzasidan qator ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, yer qa’ridan foydalanish sohasidagi 11 turdagi davlat xizmati to‘liq elektron shaklga o‘tkazilgan. Shuningdek, sohadagi 15 ta qonunchilik hujjati, 3 ta qonun, 2 ta Prezident farmoni va qarori, 10 ta Vazirlar Mahkamasi qarori takomillashtirilgan.
[gallery-20994]
“Yer qa’ridan foydalanish markazi“ DM direktori Shuhrat Mirxodiyevning ta’kidlashicha, aholi bilan qayta aloqa tizimi tashkil etilgan. Tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘mak berish maqsadida “Front-office” mexanizmi orqali arizalar qabul qilinib, elektron, to‘g‘ridan-to‘g‘ri va telefon orqali kelib tushayotgan murojaatlar o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmoqda.
– Joriy etilgan “Front-office” mexanizmi orqali 400 dan ortiq tadbirkorlik sub’ektiga ko‘mak ko‘rsatildi. Shuningdek, “Call-markaz” faoliyati uchun 1356 qisqa raqami joriy qilinib, u orqali aholi va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan kelib tushayotgan savollarga javob va maslahatlar berib borilmoqda. Tadbirkorlik sub’ektlariga 2023-2024 yillarda yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi va yer osti suvlaridan foydalanish uchun jami 100 ming 92 ta ruxsatnoma berildi. Strategik turdagi asosiy foydali qazilmalar bo‘yicha (oltin, ko‘mir, mis, qo‘rg‘oshin, rux, kumush, marganets va nodir metallar) jami 11 ta yer qa’ri uchastkasi elektron auksionga joylashtirilib, 9 tasi sotildi. Noruda xomashyosi bo‘yicha (qum-shag‘al aralashmasi, kvars, gil, marmar, gips, granit, mineral tuzlar va boshqalar) jami 412 ta yer qa’ri uchastkasi auksionga qo‘yilib, 167 tasi realizatsiya qilindi. Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish uchun 50 ta yer uchastkasi auksionga qo‘yilib, 19 tasi sotildi, – dedi Sh. Mirxodiyev.
Tadbirda 2024 yil 31 oktyabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Yer qa’ri to‘g‘risida”gi qonunining mazmun-mohiyati tushuntirildi. Shuningdek, ruxsatnomalar shartlarining bajarilishi bo‘yicha monitoring va “Xavfni tahlil qilish” tizimi joriy etilgani, yer qa’ridan foydalanish sohasi uchun yagona “Geomonitoring” axborot tizimini ishga tushirish ishlari olib borilayotgani ma’lum qilindi. Tadbirkorlar uchun “Shaxsiy kabinet” modulini yaratish ishlari ham davom etmoqda. U orqali masofadan arizalar topshirish, hisobotlarni shakllantirish va boshqa zarur ma’lumotlarga kirish imkoniyati yaratiladi.
Nasiba Ziyodullayeva, Oybek Pardayev (surat), O‘zA