Navoiy viloyatida joriy yilning o‘tgan ikki oyi davomida 863 ta ko‘chmas mulk ob’ektlariga manzil berildi.
Davlat kadastrlari palatasi tomonidan “ye-ijara” dasturiga 75 ming 158 gektar dehqon xo‘jaligiga yer maydoni kiritilgan. "O‘zdaverloyiha" instituti tomonidan 17 ming 229 ta lotlar tayyorlandi. 8 ming 684 ta lotlar bo‘yicha tanlov g‘oliblari aniqlangan. 2 ming 297 lotlar bo‘yicha 640 gektar yer maydoni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Bu haqida Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasi va O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Davlat kadastrlari palatasi tomonidan kadastr pasporti tayyorlash, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar, ipoteka va ijara shartnomalari, servitut to‘g‘risidagi kelishuvlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, manzil (geokod), fuqarolarning nomida shaxsiy turar joy mavjud yoki mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumotnoma berish, auksionga yer chiqarish va qurilishi tugallangan binolarni foydalanishga qabul qilish kabi xizmatlar amalga oshiriladi.
Ayni paytda ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun murojaatlar Davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ham amalga oshiriladi.
– Davlat kadastrlari palatasi Navoiy viloyati boshqarmasi va uning hududiy filiallari tomonidan 119 ta kadastr syomka ishlari, 580 ta yakka tartibdagi uy-joylar, 604 ta kvartira, 278 ta noturar joy ob’ektlari, 108 ta turar joy obektlariga mo‘ljallangan yer uchastkalarining kadastr hujjatlari rasmiylashtirildi, – deydi boshqarma boshlig‘i Mansur Nosirov. – Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan jami 3 ming 584 ta turar va noturar joy ob’ektlari, 7 ta ijara huquqi, 239 ta bino va inshootlarning ipoteka shartnomalari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Nomida turar-joy borligi (yo‘qligi) haqida esa 15 ta so‘rovnomaga javob berildi.
Matbuot anjumanida Prezidentimizning 2021 yil 23 noyabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori mazmun-mohiyati haqida ham so‘z bordi.
Qarorga asosan zaxiraga qaytarilgan yer maydonlari dehqon xo‘jaligi tashkil etgan holda sabzavotchilik, poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka yetishtirish kabi loyihalarni amalga oshirish uchun fuqarolarga 0,10 gektardan 1 gektargacha bo‘lgan o‘lchamda ochiq elektron tanlov orqali 10 yilga ijaraga beriladi. Jumladan, oilaviy tadbirkorlik qilish maqsadida yurgan fuqarolar qaror asosida bo‘sh yer uchastkalarini olib foydalanishlari mumkin. Mazkur qaror doirasida ajratilgan yer uchastkalari, kredit resurslari hisobiga doimiy va barqaror daromad manbaiga ega bo‘lgan fuqarolar qonunchilikda belgilangan tartibda o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Shuningdek, yerdan foydalanishda “Yoshlar” va “Ayollar” daftarida ro‘yxatda turuvchi yoshlar va xotin-qizlar bir qator imtiyozlardan foydalanishlari mumkin.
Matbuot anjumanida OAV vakillarini qiziqtirgan savollarga tizim mutasaddilari tomonidan atroflicha javob berildi.
[gallery-6229]
Abduvali Bo‘riyev,
Siroj Aslonov (surat), O‘zA.