Yer degradatsiyasiga qarshi choralar muhokama qilindi
Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamkorligida amalga oshirilayotgan «O‘zbekistonda qurg‘oqchilikka uchragan ekotizimlardagi o‘rmonlar va yaylovlarni barqaror boshqarish» GCP/UZB/020/GFF (LDN) loyihasi doirasida o‘quv seminari o‘tkazildi.
Tadbirda Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘rmon agentligi, sohaga aloqador vazirlik va idoralar vakillari, shuningdek, xalqaro konsultant Muhammad Ayaz Kerio ishtirok etdi.
Seminarda yer degradatsiyasi, tuproq unumdorligini saqlash va oshirish, yer resurslarini barqaror boshqarish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, sutchilik, asalarichilik va dorivor o‘simliklar yetishtirish sohalarida qo‘shilgan qiymat zanjirini shakllantirish bo‘yicha fikr almashildi.
Uchrashuvda yerlar degradatsiyasini neytrallashtirish, yaylovlar va o‘rmon resurslaridan samarali va oqilona foydalanish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Xalqaro tajribani O‘zbekiston sharoitida amaliyotga joriy etish bo‘yicha tavsiyalar berildi hamda yer resurslarini asrash va ulardan barqaror foydalanish borasida hamkorlikni yanada kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA