Mulohaza
Har kuni ertalabdan ishga otlanib, uyimizdan “Yunusobod” metro bekatigacha yurib borgunimga qadar yon-atroflarni, odamlarni kuzataman. Uyimizning shundoqqina oldida maktab, yana sal yurilganda bog‘cha, ko‘p qavatli turar joylar. Ha, aytgancha, bog‘chaga yetmasdan chiqindilarni joylashtirish ob’ekti — chiqindixona ham bor.

Yo‘l bo‘yi ketayotib, ariqchalar ichida, yo‘l chetida turli-tuman chiqindilar tashlab ketilgani — plastik idishlar, selofan paketlar, shirinliklarning qog‘oz o‘ramlari va yana allambalolar yig‘ilib, uyulib yotganiga ko‘zim tushib, ko‘nglim xira bo‘ladi. To‘g‘ri, obodonlashtirish xodimlari tez-tez tozalab, yig‘ishtirib ketishadi. Ammo ularning bu mehnati natijasi, ozodalik uzoqqa cho‘zilmaydi. Bir kun o‘tib, atrof yana chiqindilarga to‘lib boshlaydi.

Bir kuni chamasi 5-6 sinflarda o‘qiydigan 3-4 ta qiz sal oldinroqda ketayotib, qo‘lidagi baklashkasini mashina yuradigan yo‘lga qarab bemalol otib ketyapti. “Hoy qizim, to‘xta, musoringni olib ket, nega tashlab ketyapsan?” dedim. “Man tashlamaganim bilan mana, hamma tashlab ketiptiku”, dedi uyam e’tiroz bildirib. “Hamma tashlasayam, sen tashlama, madaniyatli bo‘l, hamma tashlayvergani uchun hamma yoq chiqindiga to‘lgan”, dedim. Keyin hartugul qiz tashlagan idishini oldi. Agar nariroqqa borib yana otib ketmagan bo‘lsa, mening ko‘z oldimda olib ketdi, harqalay.

Yana boshqa bir kuni qizimni bog‘chadan olib qaytayotganimda o‘rta yoshli bir ayol bizdan ancha oldinroqda ketayotib, qo‘lida yeb ketayotgan shirinligining qog‘ozini archalar tagiga otib ketdi.
Har doim chiqindini to‘g‘ri kelgan joyga uloqtirmaslik, suvni isrof qilmaslik, daraxtlarga, butalarga ozor bermaslik haqidagi o‘gitlarimni jon qulog‘i bilan eshitadigan qizim bu holatni ko‘rib jahli chiqdi — “anu xotin tabiatga zarar berib, axlatini otib ketyapti, jinni ekan”, dedi bolalarcha nafrat bilan. Qizimga uning ko‘z o‘ngida sodir bo‘lgan holatning oqibatlari, atrofni chiqindixonaga aylantirmaslik, chiqindilarni faqat belgilangan joyga tashlash haqida yana nasihatlarni bera boshlasam, “voy, o‘zim bilaman bularni, Yer xafa bo‘ladi odamlardan, keyin o‘ch oladi. Lekin buni hamma bilmayaptida, ana, chiqindilarini tashlab ketishyapti”, dedi yo‘l chetidagi chiqindilarni ko‘rsatib. “Mayli, sen tashlama, bog‘chadagi o‘rtoqlaringa ham bularni tushuntir...” Uyga kirib borgunimizgacha ona-bola suhbat mavzuimiz shu bo‘ldi.
Bugun deyarli hamma havoning iflosligidan, chang va zararli atmosferadan, iste’mol qilayotgan mahsulotlarimiz faqat kimyoviy o‘g‘itlar bilan yetishtirilayotganidan, tuproq, suv sifati yomonlashib borayotganidan, qo‘yingki, butun ekologiya buzilayotganidan dod-faryod qiladi. Ammo Yer sayyorasining bir vakili sifatida shu iflosliklarga hissa qo‘shmaslik haqida, shaxsiy mas’uliyat haqida o‘ylayotgan, qayg‘urayotgan kimsalar kam. Ekologiyaga insoniyatning salbiy ta’siri oqibatlarini ko‘z o‘ngida ko‘rib, sezib turishsa-da, tabiatga zarar yetkazishda davom etishmoqda. Oddiygina chiqindi tashlash madaniyatiga amal qilish ham mushkul bunday odamlar uchun...
Mamlakatimizda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish ishlari davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, ushbu yo‘nalishga har yili kattagina miqdorda byudjet mablag‘lari yo‘naltirilmoqda. Joriy 2025 yil yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili deb e’lon qilinib, Davlat dasturi asosida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Atrof-muhit muhofazasiga oid konstitutsiyaviy hamda qonunchilik asoslari mustahkamlab qo‘yilgan.
Xususan, “Chiqindilar to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, chiqindi bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi munosabatlar tartibga solinmoqda. Chiqindilarning fuqarolar hayoti va sog‘lig‘iga, atrof-muhitga zararli ta’sirining oldini olish, chiqindilar hosil bo‘lishini kamaytirish va ulardan xo‘jalik faoliyatida oqilona foydalanilishini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
Yana bir qator qonun hujjatlarida tegishli javobgarlik masalalari ham ko‘zda tutilgan. Masalan, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga ko‘ra, belgilanmagan joylarga qattiq maishiy chiqindilarni va qurilish chiqindilarini tashlash, shuningdek, suyuq maishiy chiqindilarni to‘kish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravaridan 3 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 10 baravaridan 20
baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Mazkur kodeksning 161-moddasida esa shaharlarni va boshqa aholi punktlarini obodonlashtirish qoidalarini buzishga oid javobgarliklar ham belgilab qo‘yilgan.
Yaqinda Toshkent shahar hokimligi tomonidan taqdim etilgan quyidagi ma’lumotlarga ko‘zim tushdi: shaharda belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash bilan bog‘liq huquqbuzarliklar yuzasidan hozirgacha 808 ta holatda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 161-moddasi asosida jarimalar qo‘llanilgan.
Jumladan, 772 ta holatda 3-7 martagacha takroran chiqindi tashlash, 26 ta holatda 8-12 martagacha, 10 ta holatda 13-23 martagacha takroran chiqindi tashlash qayd etilgan.
Ushbu holatlar tumanlar kesimida tahlil qilinganda, eng ko‘p chiqindi tashlash holatlari Olmazor, Uchtepa va Yunusobod tumanlarida kuzatilgan. Takroran chiqindi tashlash holatlari ham aynan shu tumanlarda yuqori ko‘rsatkichlar bilan qayd etilgan.
Shu o‘rinda aytish kerakki, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 161-moddasiga ko‘ra, shaharlar va boshqa aholi punktlarining hududlarini obodonlashtirish qoidalarini buzish, shuningdek, tozalik va sanitariya tartibini ta’minlash qoidalariga rioya qilmaslik fuqarolarga BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash, duch kelgan joyga uloqtirib ketish faqatgina tartib-qoidani buzish emas, balki o‘zimiz yashab turgan hududning, shahrimizning tozaligi, ozodaligi va sog‘lom muhitini buzish hamdir. O‘zimiz yuradigan yo‘llarda chiqindi uyulib yotishiga sababchi bo‘lib, o‘zimiz uchun yoqimsiz, xunuk holatlarni yuzaga keltiramiz. Qizim aytganidek, Yer bizdan o‘ch olishiga imkon yaratamiz. Ekologik muammolar zanjiriga asos yaratib bergan bo‘lamiz.
Shunday ekan, atrof-muhitga mehrli munosabatni, mas’uliyatni, sof ekologiyaga hissa qo‘shishni o‘zimizdan, o‘z oilamizdan, yaqinlarimizdan, yon-atrofimizdan boshlaylik. Illo, tabiat muvozanatining bir uchi biz insoniyatga taqalar ekan, bugungi ekologik tahdidlarni biroz bo‘lsa-da yumshatishga hissa qo‘shaylik.
Muhtarama Komilova, O‘zA