Yengil sanoat istiqbollari va bolalar modasi
Xalqaro press-klubda «Bolajonlar-shirintoylar» bolalar moda festivali hamda mamlakatimiz yengil sanoatini rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro press-klubda «Bolajonlar-shirintoylar» bolalar moda festivali hamda mamlakatimiz yengil sanoatini rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.«Osiyo ramzi» O‘zbekiston dizaynerlar va modelyerlar uyushmasi boshqaruv raisi Holida Komilova va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 21-dekabrdagi «2017-2019-yillarda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida»gi qarori soha ravnaqi uchun yangi imkoniyatlar ochganini ta’kidladi.
«O‘zbekengilsanoat» tomonidan joriy yilda tayyor tekstil va tikuv-trikotaj mollari ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan 15 yirik loyihani bajarish rejalashtirilgan. 2020-yilgacha esa yana 132 investitsion loyihani amalga oshirish, ularga chet el investitsiya va kreditlarini jalb etish mo‘ljallanmoqda.
Engil sanoat korxonalari mahsulotlar eksportini kengaytirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Xususan, o‘tgan yili qiymati 1,1 milliard dollardan ko‘proq bo‘lgan mahsulotlar eksport qilindi. Chet el investorlari ishtirokida 200 yangi korxona tashkil etildi. Chet eldagi savdo uylari soni qariyb 50 taga ko‘paydi.
«O‘zbekengilsanoat» korxonalariga qarashli do‘konlarda kundalik kiyimlar, sport formasi, to‘qimachilik buyumlari, paypoq va boshqa turdagi mahsulotlarni arzon narxlarda xarid qilish mumkin. Bu borada yosh dizaynerlar va tajribali mutaxassislarga ko‘rsatilayotgan e’tibor muhim ahamiyat kasb etmoqda.
An’anaviy o‘tkazilayotgan «Bolajonlar-shirintoylar» festivali navqiron avlodning kiyinish odobini rivojlantirish, estetik did va madaniyatni kamol toptirish, yosh modelyerlar o‘rtasida yangi nomlarni kashf etishda muhim omil bo‘lmoqda.
Joriy yilda festival doirasida 650 yangi kiyim-bosh to‘plami namoyish etiladi. Quyi bosqichlardan so‘ng finalda namoyish qilish uchun 60 dizaynerning zamonaviy to‘plamlari tanlab olindi. Unga 2,5 yoshdan 13 yoshgacha bo‘lgan 200 bola jalb qilinadi. «Tantana», «Fashion Lab» ijodiy studiyalarining yosh modellari, «Kolibri» art-byurosi va «Oltin qanot» maktabi bolalari yangi libos namunalarida sahnaga chiqadi.
Tadbir doirasida O‘zbek to‘qimachilik va yengil sanoati mahsulotlari ko‘rgazmasi va bolalar liboslari namoyishi bo‘lib o‘tdi. Kiyim-kechaklar milliy, zamonaviy va sport uslubida, qo‘l mehnati bilan, shuningdek, kundalik, avangard hamda bayramona shaklda yaratilgan.