Yengil atletikachimiz “Almaty Marathon”da sovrindor bo‘ldi
Kecha, 29 sentyabr kuni Qozog‘istonda o‘tkazilgan “Almaty Marathon” musobaqasining marafon, yarim marafon va 10 kilometrga mo‘ljallangan yugurish bahslarida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari yurtimiz sharafini himoya qildi.
50 ta davlatning 15 600 nafar yengil atletikachisi qatnashgan marafon bahslarida terma jamoamiz a’zolaridan Bekzod Boymatov belgilangan masofani 2:21:48 vaqtda bosib o‘tib, 2-o‘rinni egalladi. Ushbu yo‘nalishda ishtirok etgan Zikrullo Mamatqulov (2:39:01) sakkizinchi o‘rindan joy oldi.
Ayollar o‘rtasidagi bahslarda qatnashgan terma jamoamiz a’zosi Shirin Yusupova (3:50:44) 14-o‘rin bilan kifoyalandi.
Musobaqaning yarim marafon poygalarida o‘z omadini sinab ko‘rgan hamyurtlarimizdan Baxtiyor O‘tkirov oltinchi, Nodirbek Mutalipov yettinchi, Otabek Toshquvvatov o‘ninchi qatorda bahsni yakunlagan bo‘lsa, ayollar o‘rtasidagi yarim marafonda Azizaxon Mirzakbarova 4-o‘rinni band etdi.
10 kilometrga mo‘ljallangan poygada hamyurtlarimizdan Maksim Kozachok 34:07 vaqt ko‘rsatkichi bilan 6-, Oybek Mamatkomilov 34:47 natija qayd etib, 9-o‘rin sohibi bo‘ldi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA