Yengil atletikachilarimiz zabt etgan marralar
Olimpiya dasturidan joy olgan yengil atletika ham mamlakatimizda tobora rivojlanib, o‘g‘il-qizlar o‘rtasida ommalashib borayotgan sport turlaridan bo‘lib, yurish, yugurish, sakrash, uloqtirish va ko‘pkurash kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.
Uning har bir turi kishining jismoniy va ruhiy holatiga, salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Jumladan, tibbiyot mutaxassislarining ta’kidlashicha, yengil atletika inson salomatligiga foydali bo‘lgan barcha mashq turlarini o‘zida mujassamlashtirgan. Ushbu sport turi organizmning funksional imkoniyatlarini oshirib, tananing uyg‘un rivojlanishiga yordam beradi. Yengil atletika bilan shug‘ullanuvchilar jismonan baquvvat, tana va vazni mutanosib, chayir, sog‘lom bo‘lish bilan birga, tez va aniq harakat qilish qobiliyati yuqori, irodasi mustahkam insonlar bo‘ladi.

O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi tomonidan ushbu sport turini o‘g‘il-qizlar o‘rtasida keng ommalashtirish va shu orqali ularni sog‘lom turmush tarziga jalb etish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilayotir. Jumladan, federatsiya bo‘limlarining samarali faoliyat yuritayotgani joylarda yengil atletikani rivojlantirish, turli musobaqalar o‘tkazish, iqtidorli yoshlarni saralash va terma jamoalar talabiga javob beradigan sportchilar qilib tayyorlash borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish imkonini bermoqda. Bugungi kunda mamlakatimizning turli hududlarida tashkil etilgan yengil atletika seksiyalarida yosh atletlarimiz malakali murabbiylardan yengil atletika sirlarini puxta o‘rganmoqda.

– Har bir g‘alabam muhim ahamiyatga ega, – deydi Osiyo o‘yinlari g‘olibasi Sharifa Davronova. – Niyatim, Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etib, Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishdir. Buning uchun yurtimizda barcha shart-sharoit yaratilgan. Ushbu imkoniyatlardan esa biz yoshlar unumli foydalanmoqdamiz.
Darhaqiqat, bugun yengil atletika bo‘yicha sportchilarimiz har bir musobaqa oldidan puxta tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ayniqsa, yengil atletikachilarimiz 2024 yili Fransiyaning Parij shahrida bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlarida munosib ishtirok etish uchun puxta hozirlik ko‘rmoqda. Prezidentimizning "2024 yil Parij shahrida (Fransiya) bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qarorida bu boradagi muhim vazifalar belgilab berilgan. Ularning ijrosini ta’minlash maqsadida sportchilarimizning zamonaviy me’yorlar asosida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazishi, xalqaro musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rishi va munosib ishtirok etishi uchun shart-sharoit yaratilmoqda.

Umid qilamizki, mazkur to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasida yengil atletikachilarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etib, yurt sharafini yanada yuksaltirgan holda yurtimizga yorug‘ yuz bilan qaytadilar.
O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi tomonidan olib borilayotgan samarali ishlar va yaratilgan keng imkoniyatlar evaziga sportchilarimiz nufuzli musobaqalarda muvaffaqiyat qozonmoqda. Jumladan, 2023 yilgi sport mavsumida atletlarimiz XIX yozgi Osiyo o‘yinlarida, turli yosh toifalaridagi qit’a va jahon birinchiliklarida, xalqaro turnirlarda munosib ishtirok etib, 12 ta oltin, 15 ta kumush va 11 ta bronza, jami 38 medalni qo‘lga kiritdi.
Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, Belarusda o‘tgan II MDH o‘yinlarida yosh sportchilarimiz 1 oltin va 3 tadan kumush hamda bronza medallarini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Marina Xmelevskaya va Shohrux Davlatov Berlin (Germaniya) marafonida va Valensiya (Ispaniya) marafonida, Trinidad Alfonsoda (Ispaniya) platina marafon poygalarida muvaffaqiyatli qatnashdi. Shohruh “Valencia Marathon Trinidad Alfonso” musobaqasida 2:07:02 natija qayd etdi va “Parij-2024" Olimpiadasi yo‘llanmasiga ega chiqdi. Shuningdek, Shohruh ushbu ko‘rsatkich bilan 38 yil avval o‘rnatilgan milliy rekordni (2:13:28) ham yangilashga muvaffaq bo‘ldi. Uzunlikka sakrash bo‘yicha Shveysariyaning Jeneva shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro musobaqada 8,22 ball bilan g‘oliblik qo‘lga kiritilgan. Anvar Anvarov 38 yillik rekordni ortda qoldirdi. Shu tariqa yil davomida 22 ta yengil atletika yo‘nalishi bo‘yicha turli yosh toifalarida rekord qayd etildi.
29 sentyabr-5oktyabr kunlari Xitoyning Xanchjou shahrida XIX yozgi Osiyo o‘yinlarida Safina Sa’dullayeva, balandlikka sakrashda 1,86 natija bilan, Sharifa Davronova uch hatlab sakrashda 14,09 natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritgani hamon yodimizda. Shuningdek, Svetlana Radzivil va Yekaterina Voronina o‘z yo‘nalishlarida kumush, Suhrob Xo‘jayev esa bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Tailandning Bangkok shahrida 12-16 iyul kunlari o‘tkazilgan Osiyo chempionatida Yekaterina Voronina yetti kurashda 6098 ball jamg‘argan holda oltin medalga sazovor bo‘ldi. Chempionatning 400 metrga yugurish bahslarida Farida Soliyeva, bosqon uloqtirishda Suhrob Xo‘jayev kumush medal bilan taqdirlandi. Chempionatning balandlikka sakrash bo‘yicha bronza medali Svetlana Radzivilga nasib qildi.
Qozog‘istonning Ostona shahrida yopiq inshootlardagi X Osiyo chempionatida 2 ta oltin va bittadan kumush hamda bronza medali vakillarimizga taqdim etilgan bo‘lsa, 27-30 aprel kunlari Toshkent shahrida 18 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida 3 tadan oltin va kumush hamda 6 ta bronza medali jamg‘arildi. Janubiy Koreyaning Incheon shahrida o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida Dilshod Usmonova 3000 metrga to‘siqlardan yugurishda, Barnoxon Sayfullayeva balandlikka sakrashda, Hushnoz Shavkatova uch hatlab sakrashda, O‘g‘iloy Norboyeva yettikurashda oltin, Malika Nasriddinova yadro uloqtirishda, Elvira Silamiyeva bosqon uloqtirishda, Nodir Norboyev o‘nkurashda kumush medali bilan taqdirlandi. Musobaqaning o‘nkurash bahslarida esa Samandar Mahmudov bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Yengil atletika bo‘yicha uloqtirish yo‘nalishlaridagi qit’a birinchiligi Janubiy Koreyada o‘tkazildi. 24-25 oktyabr kunlari Mokpo shahrida o‘tgan musobaqada 1 tadan kumush va bronza medallari delegatsiyamiz hisobiga qo‘shildi. Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahri 11 noyabr kuni yarim marafon bo‘yicha Osiyo chempionatiga mezbonlik qildi. Unda Sitora Xamidova kumush medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Sitora Hamidova, Marina Xmelevskaya, Aziza Mirzakbarovadan tashkil topgan jamoamiz 3 soat 53 daqiqa va 47 soniya natija bilan shohsupaning ikkinchi pog‘onasiga ko‘tarildi.
Shuningdek, 2023 yilda 21 nafar sportchi O‘zbekiston sport ustasi me’yorini bajardi, yana uch nafar sportchi xalqaro toifadagi sport ustasi me’yoriga mos natija ko‘rsatdi. Yana bir e’tiborli jihat shundaki, Prezidentimiz farmoni bilan mamlakatimizda sportni rivojlantirish va ommalashtirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun yengil atletikachilarimiz davlat mukofotiga munosib ko‘rildi.
Jumladan, Sharif Davronova “Kelajak bunyodkori” medali bilan, O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi raisi o‘rinbosari Andrey Abduvaliyev va O‘zbekiston Milliy Paralimpiya qo‘mitasining yengil atletika bo‘yicha murabbiyi Anna Kazakova “Sog‘lom turmush tarzi” medallari bilan taqdirlandi.
Ha, o‘z tanlagan sohasida, jumladan, sportda ham yuksak marralarni zabt etayotgan o‘g‘il-qizlarimiz bilan faxrlanamiz. Bunday yutuqlar ozod va obod Vatan, tinch va farovon hayot, sog‘lom jamiyat bor joyda qo‘lga kiritiladi. Zero, sportga e’tibor qaratilgan yurt farzandlari qudratli va sog‘lomdir.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA muxbiri