Yengil atletikachilarimiz Osiyo chempionatida umumjamoada ikkinchi o‘rinda
Xitoyning Ordos shahrida yengil atletika bo‘yicha U23 yosh toifasida o‘tayotgan Osiyo chempionatining ortda qolgan uchinchi kungi musobaqalaridan keyin O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 12 ta medalni qo‘lga kiritgan holda umumjamoada Xitoydan keyin ikkinchi o‘rinni egallab turibdi.
Mahoratli yengil atletikachilarimizdan Jonbibi Hukmova 800 metr va 400 metr masofaga belgilangan bahslarda oltin medallarga egalik qilgan bo‘lsa, Valeriya Gorbatova balandlikka sakrash dasturida qit’aning tengsiz sportchisi nomiga sazovor bo‘ldi.

Shuningdek, Barnoxon Sayfullayeva, Ayyubxon Fayozov, Ibrohim Mahkamov singari sportchilarimiz tomonidan qo‘lga kiritilgan kumush va bronza medallari chempionatda qatnashayotgan 20 dan ziyod davlat orasida O‘zbekiston sport delegatsiyasining munosib o‘rni borligini ko‘rsatdi.
Umumjamoa hisobida Xitoy terma jamoasi 19 ta oltin, 12 kumush va 5 ta bronza medali bilan yetakchilik qilmoqda. 2-o‘rinda borayotgan O‘zbekiston terma jamoasi hisobida 3 ta oltin, 5 ta kumush, 4 ta bronza medallari mavjud. 3 tadan oltin va kumush, 1 ta bronza medaliga ega Yaponiya terma jamoasi a’zolari kuchli uchlikka yakun yasagan.
Bugun, 12-iyul kuni chempionatning so‘nggi kungi musobaqalari bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA