Yengil atletikachilarimiz e’tirofga sazovor bo‘ldi
Osiyo yengil atletika assotsiatsiyasi 2022 yil yakunlariga ko‘ra, har bir yo‘nalish bo‘yicha qit’aning eng yaxshi 10 ta natijasini qayd etgan sportchilar ro‘yxatini e’lon qildi. Unda o‘zbekistonlik 7 nafar yengil atletikachi joy oldi.
Ayollar o‘rtasidagi dasturlarda Safina Sa’dullayeva balandlikka sakrashda 1.97 m, Yekaterina Voronina yetti kurashda 6072 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Uch hatlab sakrash yo‘nalishida Sharifa Davronova 14.04 metr bilan ikkinchi o‘rinda ko‘rsatilgan.
Yigitlarimizdan eng yuqori pog‘ona Suxrob Xodjayevga tegishli. Bosqon uloqtiruvchimiz 72.67 metr bilan to‘rtinchi o‘rinda qayd etilgan.
Shuningdek, balandlikka sakrovchilarimizdan Svetlana Radzivil (1.90 m) hamda Aleksandra Sharkayeva (1.88 m), 4x400 metrga aralash estafeta dasturida Artur Xarisov, Xusniddin Bannayev, Farida Soliyeva va Kamila Mirsaliyeva kvartetiga tegishli (3:31.98) natijalar ham kuchli o‘ntalikda ko‘rsatildi, deyiladi Milliy olimpiya qo‘mitasi xabarida.
O‘zA