Yana bir necha kunlardan so‘ng Parij shahrida XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlari boshlanadi. Ushbu musobaqaning yengil atletika bahslarining uch hatlab sakrash musobaqasida mamlakatimiz sharafini yosh iste’dodli atletimiz Sharifa Davronova himoya qiladi.
Sharifa uchun ushbu Olimpiada birinchisi hisoblanadi. 17 yoshli atletimiz Butunjahon yengil atletika federatsiyasi tomonidan e’lon qilingan reyting yakuniga ko‘ra, uch hatlab sakrash dasturida «Parij-2024» yozgi Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisiga aylandi.
Xo‘sh, Sharifa uchun Olimpiya o‘yinlarida asosiy raqib kimlar va uning imkoniyatlari qay darajada?
Venesuelalik Yulimar Roxas jarohati sabab «Parij-2024» Olimpiya o‘yinlarining uch hatlab sakrash bahslarida ishtirok etmaydi. Bu esa Sharifa Davronova va u kabi boshqa iqtidorli atletlar uchun musobaqada g‘olib bo‘lish imkoniyatini yanada oshiradi va uch hatlab sakrash bahslari qaynoq o‘tishini kafolatlaydi.

Iqtidorli atletimiz o‘tgan yillar mobaynida yoshlar o‘rtasidagi qit’a birinchiligida Kolumbiyada o‘tgan U20 yosh toifasidagi jahon chempionatida, «Konya-2021» Islom birdamligi o‘yinlarida, 2023 yil Qozog‘istonda tashkil etilgan yopiq inshootlardagi Osiyo chempionatida, «Xanchjou-2022» yozgi Osiyo o‘yinlarida oltin medallarga sazovor bo‘lgan. Shuningdek, turli musobaqalarda shohsupaga ko‘tarildi. U ushbu natijalar orqali davlatimiz rahbari tomonidan «Kelajak bunyodkori» medali bilan taqdirlandi. Garchi yosh bo‘lishiga qaramasdan bir qator yutuqlarga ega bo‘lgan Sharifa Davronovaning «Parij-2024»dagi ishtiroki yuqori natijalar bilan yakunlashiga umid qilamiz.
Endi esa uch hatlab sakrash bahslarida Sharifaga asosiy raqiblik qiladigan atletlar haqida to‘xtalib o‘tamiz.
Ulardan biri kubalik Leyanis Peres Ernandes va Dominikan Respublikasi sharafini himoya qiladigan Tea Lafondir. Ular 12 iyul kuni Monakodagi Olmos Ligasi bosqichida ishtirok etib, yuqori natijalar qayd etdi. Jumladan, bu musobaqada Leyanis 14,96, Tea esa 14,87 metr natija qayd etdi. Biroq Teaning eng yuqori natijasi 15,01 metrdir. Shu bois ham u hozirda Olimpiya o‘yinlarida zafar quchish uchun eng kuchli da’vogardir.

Joriy mavsum yakunlariga ko‘ra, da’vogarlar orasida «Tokio-2020» Olimpiya o‘yinlarining bronza medali sovrindori ispaniyalik Ana Peleteyro-Kompaore ham bor. U iyun oyida Rimda o‘tgan musobaqada 14,85 metr natija bilan Yevropa chempioni bo‘ldi. Monakoda esa 14,21 metr natija bilan sakkizinchi o‘rinni egalladi.
Sharifaning raqiblari orasida ukrainalik atletikachi Mariya Bek-Romanchuk ham bor. Jarohati tufayli u mavsumning ko‘p qismini o‘tkazib yuborgan bo‘lsada, Monakodagi Olmos Ligasida 14,81 metr natijani ko‘rsatdi. Uning ortidan esa yamaykalik Shanika Rikkets 14,67 metr bilan bormoqda.

Bizning yosh atletimizning eng yaxshi natijaga 2023 yili Xanchjou shahrida o‘tgan Osiyo o‘yinlarida erishdi. Sharifa Davronova o‘sha musobaqada 14,09 metr natija ko‘rsatgan edi.
Bu raqamlar Olimpiya o‘yinlarida muhim rol o‘ynamaydi. Umid qilamizki, to‘rt yillikning eng nufuzli sport tadbirida atletlarimiz yangi tarix yaratadi, deya umid qilamiz.
Ma’lumot o‘rnida: Sharifa Davronova «Parij-2024» Olimpiadasidagi uch hatlab sakrash bahslarini 2 avgust kuni mahalliy vaqt bilan soat 18:15 da boshlaydi. Final bosqichi esa 3 avgust kuni soat 20:20 da start oladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA