Luqma
Qo‘l telefonimga Majburiy ijro byurosidan sms xabar keldi. Unda 10052406380701 sonli ijro ishiga ko‘ra yuridik shaxs foydasiga 3.159 014 so‘m qarzdorlikni, 340 000 so‘m davlat boji to‘lovi, 17. 000 pochta xarajatini o‘z vaqtida to‘lamasam, majburiy ijro etish choralari qo‘llanilishi to‘g‘risida ma’lum qilingan. Buning nimaligini aniqlash maqsadida mib.uz saytiga kirdim. Saytda 3.159 014 so‘m asosiy qarzdorlik, 157 950.70 so‘m ijro yig‘imi summasi ko‘rsatilgan ekan.
Aybimni bilish uchun MIBning Toshkent shahri Sergeli tumani bo‘limiga bordim. MIB ijrochisi Javohir Hojiyev qo‘limga sud qarorining nusxasini berdi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudining sudyasi N.E. Hamroyevning 2024 yil 1 apreldagi 2-1801-2402/10173 raqamli buyrug‘ida mendan “Qashqadaryo suv ta’minoti” MCHJ hisobiga majburiy to‘lovlardan vujudga kelgan 3.142.014 so‘m, 17 000 so‘m pochta xarajati va 340 000 so‘m davlat boji undirilishi belgilangan. Sudga hujjatlarni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi “Qashqadaryo suv ta’minoti” MCHJ manfaatini ko‘zlab taqdim qilgan.
Masalani tushungach, jahlim chiqdi. Axir, mening nomimdagi hozir o‘g‘lim yashayotgan hovlida yigirma yildan buyon markazlashgan suv tarmog‘i bo‘lmagan-ku?! O‘tgan yilmi yoki shu yilning boshidami ko‘chamizga ichimlik suvi tarmog‘i tortildi. Ammo balandlikda bo‘lgani uchunmi bizga suv chiqmayapti. Biz shu hovliga kelgan 2001 yildan buyon suvni sotib olib ichamiz. Hozir ham chiqmagan ichimlik suviga o‘g‘lim pul to‘lab yuribdi.
Avvalo, hujjatlarni sudga tayyorlagan “Qashqadaryo suv ta’minoti” MCHJ mutaxassislari nimaga asoslanib bu qarzdorlikni chiqarib beryapti? Tadbirkorlik sub’ektini himoya qilib sudga ariza kiritgan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qashqadaryo viloyati boshqarmasining mas’ullari haqiqiy holatni avval o‘rganib, keyin harakatlarni boshlagani ma’qul emasmidi?
Men o‘ylayapmanki, sudga taqdim qilingan “qarzdor”lar ro‘yxati uzun va nohaq jabr chekuvchi bitta men emasman. Chunki Qarshi shahrida ichimlik suvi ta’minotining ahvolini hamma biladi.
Sudya buyrug‘ida keltirilgan tug‘ilgan joyim, yashayotgan ko‘cham, ish joyim to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham noto‘g‘ri.
Bu pala-partishlikning zamirida nima yotibdi? Oddiy fuqarolar taqdiriga befarqlik, ularni mensimaslik, o‘z ishiga mas’uliyatsizlik bilan yondashish. Davlat idoralari taqdim qilgan hujjatlarning to‘g‘ri-noto‘g‘riligiga qiziqmasdan sud qarorini chiqarib yuborishni bundan boshqacha izohlab bo‘lmaydi.
Hurmatli sudya janoblari, siz O‘zbekiston nomidan da’vogar va aybdor tomonlarni tinglab, yetti o‘lchab, bir kesadigan, xolis va adolatli hukm chiqaradigan uchinchi hokimiyat vakilisiz. Siz lavozimingizga Prezident buyrug‘i bilan tayinlanasiz. Prezidentimiz esa har bir chiqishida amaldorlarga xalqqa qayishinglar, oddiy odamlarning huquqlarini himoya qilinglar, deydi.
Bu nohaq hisoblangan qarzdorlikni o‘g‘lim o‘tgan yili to‘lagan ekan. Siz esa 2024 yil 1 aprelda sud buyrug‘i chiqaryapsiz. “Qashqadaryo suv ta’minoti” MCHJ Qarshi shahar filialining “Taypatov Abdijalolning qarzdorligi mavjud emas” degan ma’lumotnomasiga binoan MIB ijro ishini tamomladi. Faqat davlat boji va pochta xarajati to‘lovlari qoldi. Bu pulni sudga ariza bergan Savdo-sanoat palatasining Qashqadaryo viloyati boshqarmasi to‘laydimi yoki noxolis, asossiz buyruq chiqargan sudya janoblarimi? Buni endi bilmadim.
Xalq tilida aytsak, bu holatni “yemagan somsaga pul to‘lash” deyiladi.
Buni matbuotga olib chiqmasligim ham mumkin edi. Biroq, o‘ylab qarasam, jurnalist bo‘laturib menki o‘z haq-huquqimni himoya qilolmasam, “xo‘p” deb ketaversam, oddiy fuqarolar nima qiladi?
Ushbu e’tiroznomani o‘z ishiga mas’uliyatsizlik bilan yondashadigan sudyalarga bir saboq bo‘lsin, deb yozdim.
Abdijalol Taypatov,
O‘zA