Yekaterina Makarochkina tarixiy oltin medalni qo‘lga kiritdi
Filippinda o‘tayotgan velosportning trek yo‘nalishi bo‘yicha Osiyo chempionatida terma jamoamiz a’zosi Yekaterina Makarochkina tarixiy natija qayd etdi.
Gap shundaki, qit’a birinchiligining yoshlar (qizlar) o‘rtasida “Omnium” bo‘yicha bellashuvlari o‘tkazildi. Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiruvchi hamda 4 ta poygani o‘z ichiga olgan ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Yekaterina Makarochkina muvaffaqiyatli ishtirok etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Shuni ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, yoshlar (qizlar) o‘rtasida hozirga qadar biror bir velosportchimiz Osiyo chempionatlarida oltin medal, ayniqsa, “Omnium” dasturida bunday natijani qayd etmagan edi.
Darvoqe, Yekaterina Makarochkina uchun bu uchinchi medal hisoblanadi. U bundan avval jamoaviy bahslarda bronza va qizlar o‘rtasidagi 20 kilometr (80 aylana) masofada o‘tgan “Medison” poygasida Nadejda Barteneyeva bilan juftlikda kumush medalga sazovor bo‘lgan edi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA