YeIga a’zolik: Ukrainaga nisbatan ijobiy munosabat bildirilmoqda
Prezident Vladimir Zelenskiy Slovakiya Bosh vaziri bilan telefon orqali muloqotdan so‘ng muhim bayonot berdi. Uning ta’kidlashicha, ushbu mamlakat Ukrainaning Yevropa Ittifoqi sari intilishini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan. Tomonlar o‘zaro tashrif bo‘yicha taklif almashib, Kiyev va Bratislavada uchrashuv o‘tkazishga kelishib olgan.
To‘g‘ri, Robert Fitso rasmiy bayonotida yuqoridagi masala aniq qo‘llab-quvvatlanishini gapirmagan. Faqat Kiyev bilan barqaror va do‘stona munosabat saqlanishi muhimligini ta’kidlab, ayrim masalalarda qarashlar farqlanishini qayd etgan. Tomonlar yaqin kunlarda Yerevanda bo‘lib o‘tadigan uchrashuv doirasida muloqotni davom ettirishi kutilyapti.
Fitso ilgari Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban pozitsiyasiga yaqin yondashuv namoyish etsa-da, uni to‘liq qo‘llab-quvvatlamagan. Xususan, "Drujba" neft quvuri atrofidagi bahsda muhim o‘rin egallagan. Shuningdek, Ukrainaga elektr energiyasi va yonilg‘i yetkazib berishni vaqtincha to‘xtatgan.
Kuzatuvchilar fikricha, Robert Fitso tashqi siyosatda muvozanatni saqlashga harakat qilyapti: bir tomondan G‘arb ittifoqi doirasidagi majburiyat, ikkinchi tomondan ichki siyosiy muhitda Rossiyaga moyil elektorat manfaatini hisobga olyapti. Shu tariqa Kiyevga nisbatan biroz ehtiyotkor, to‘liq qarshi bo‘lmagan siyosat shakllangan.
Musulmon Ziyo, O‘zA