YeI rahbarlari Kiprda: Ukraina, energetika va mudofaa masalalari muhokamada (+video)
Yevropa Ittifoqi davlatlari yetakchilari Kiprda norasmiy sammitga yig‘ildi, deb xabar qildi Euronews.
Unda YeI shartnomasidagi muhim modda muhokama qilindi. Bu moddaga ko‘ra biror a’zo davlatga qurolli hujum qilinsa, boshqalar yordam berishi kerakligi nazarda tutiladi. Hozir davlatlar bu modda amalda qanday ishlashini aniqlash uchun qoidalar ishlab chiqmoqchi.
Sammitda shuningdek Rossiya – Ukraina urushi, Yaqin Sharq mojarosi, kuchayib borayotgan energetika inqirozi va YeIning uzoq muddatli byudjeti ham muhokama qilindi. Biroq bu norasmiy uchrashuv bo‘lgani uchun aniq qarorlar qabul qilinmaydi.
Uchrashuv mezboni Kipr bo‘lib, u hozir YeI Kengashiga raislik qilmoqda.
Sammitda Vengriyaning bosh vaziri Viktor Orban ishtirok etmayapti. U yaqinda saylovda mag‘lub bo‘lgan va 16 yillik bosh vazirlik faoliyatini yakunlamoqda.
Orban davri ko‘pincha YeI qarorlarini vetolar bilan to‘sib qo‘yish, kelishmovchiliklar va ziddiyatlar bilan esda qolgan. Masalan, u Ukrainaga 90 milliard yevro kredit ajratish va Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini qabul qilishni to‘sgan edi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy sammit doirasidagi kechki ovqatda ishtirok etib, mamlakatining YeIga a’zo bo‘lish jarayonini tezlashtirish zarurligini ta’kidlagan. Biroq, barcha davlatlar ham bu masalada hamfikr emas. Ayrimlari ichki siyosiy sabablar tufayli Ukrainaning Ittifoqqa a’zo bo‘lish masalasida shoshilishni istamayapti.
Shuningdek, Hurmuz bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyat muhokama qilingan. Yevropa davlatlari savdo kemalarini himoya qilish va minadan tozalash uchun xalqaro kuchlardan iborat tuzilma tashkil etishni taklif qilgan, lekin bu reja hali boshlang‘ich bosqichda va amalga oshishi ham noma’lum.
Hurmuzdagi muammolar Yevropada energiya narxlarining keskin oshishiga sabab bo‘ldi. Bu esa kambag‘allik ortib, iqtisodiy pasayish xavfini kuchaytiradi. Shuning uchun rahbarlar aholiga yordam berish, soliqlarni kamaytirish va toza energiyaga sarmoya kiritish kabi choralarni muhokama qilyapti.
Shuningdek, rahbarlar YeIning yangi uzoq muddatli byudjeti haqida ham fikr almashmoqda. Yevropa komissiyasi 2028–2034-yillar uchun 2 trillion yevro ajratishni taklif qilgan. Ko‘p davlatlar bu mablag‘ni kamaytirishni istayapti, lekin qayerdan qisqartirish masalasida kelisha olmayapti. Bryussel esa bu masalada yil oxirigacha kelishuvga erishishni maqsad qilgan, chunki 2027-yilda Fransiya, Italiya, Ispaniya va Polshada muhim saylovlar bo‘lib o‘tadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/8MibbKXZ16Q" title="EI rahbarlari Kiprda: Ukraina, energetika va mudofaa masalalari muhokamada" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Iskandar Ismatov, O‘zA