YeCHL qaytdi: Bugun qaysi klublar o‘ynaydi?
Futbol bo‘yicha Yevropa chempionlar ligasining 7-tur bahslari bugun start oladi. Muxlislar ikki kun davomida keskin va murosasiz bahslarga guvoh bo‘ladi.
Mazkur turning ilk uchrashuvi "Qayrat" – "Bryugge" jamoalari o‘rtasida o‘tkaziladi. Ushbu uchrashuvdan so‘ng "Budyo-Glimt" va "Manchester Siti" klublari bahsiga guvoh bo‘lamiz. Mamlakatimiz vaqti bilan soat 22:45 da boshlanadigan bu bahs o‘zbek futbol muxlislari uchun alohida ahamiyatga ega. Sababi, terma jamoamiz a’zosi Abduqodir Husanov "shaharliklar" safida asosiy tarkibdan joy olishi kutilmoqda. Abduqodir ayni damda jamoasi tarkibida bir qator o‘yinlarda o‘zini ko‘rsatayotgani barchamizga ma’lum.

Mamlakatimiz vaqti bilan 21 yanvarga o‘tar kechasi soat 01:00 da "Vilyarreal" – "Ayaks", "Inter" – "Arsenal", "Kopengagen" – "Napoli", "Olimpiakos" – "Bayer", "Real Madrid" – "Monako", "Sporting" – “PSJ” va "Tottenhem" – "Borussiya D" klublari o‘zaro kuch sinashadi.
Yevropa chempionlar ligasining guruh bosqichi 6-tur o‘yinlari yakuniga ko‘ra, “Arsenal” 18 ochko bilan jadvalda hamon yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, “Bavariya” 15 ochko bilan ikkinchi, “PSJ” esa 13 ochko to‘plab, kuchli uchlikdan joy olgan. “Manchester Siti” va “Atalanta” klublari hisobida ham 13 tadan ochko bor va ular gollar nisbatiga ko‘ra 4–5 pog‘onalarda qayd etilmoqda.

“Inter”, “Real Madrid”, “Atletiko Madrid” va “Liverpul” kabi top-jamoalar 12 ochko to‘plab, 6-9-o‘rinlarga taqsimlangan bo‘lsa, “Borussiya Dortmund” va “Tottenhem” 11 ochko jamg‘arib, keyingi o‘rinlarni band etdi. Hisobida 10 ochko bo‘lgan “Nyukasl”, “Chelsi”, “Sporting”, “Barselona” 12–15 o‘rinlardan, ochkolari 9 taga yetgan “Marsel”, “Yuventus”, “Galatasaroy”, “Monako” va “Bayer” 16–20-pog‘onadan joy olgan. Jadvalning 21-o‘rnida “PSV” bormoqda. “Qarabog‘”, “Napoli”, “Kopengagen” 7, “Benfika”, “Pafos”, “Yunion Sent-Jilluaz” 6, “Atletik” va “Olimpiakos” 5 ochko evaziga 22-29 o‘rinlarda bormoqda.
YeCHL musobaqasida muvaffaqiyatsiz ishtirok etayotgan “Ayntraxt”, “Bryugge” bitadan g‘alaba va durang qayd etgan holda 30–31 o‘rinlarni band etdi. O‘tgan oltita turda 3 ochko to‘plashga ulgurgan “Budyo-Glimt”, “Slaviya Praga” va “Ayaks”, bor-yo‘g‘i 1 ochkoga ega chiqqan “Vilyarreal” va “Qayrat” klublari jadvalning quyi pog‘onasidan joy olgan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA