YeCHL: “Barselona” va “Liverpul” mag‘lub bo‘ldi
Kecha tunda Yevropa chempionlar ligasining 1/4 final bosqichidan o‘rin olgan yana ikki uchrashuv o‘z yakuniga yetdi.
Parij shahrida o‘tgan “PSJ” va "Liverpul" klublari bahsi 2:0 hisobida o‘z yakuniga yetdi. Uchrashuvdagi gollarga 11-daqiqada Dezire Due va 65-daqiqada Xvicha mualliflik qildi.

Shuningdek, chorak final bosqichidan o‘rin olgan "Barselona" hamda "Atletiko" jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda 1:2 hisobi qayd etildi. Unda dastlab, 45-daqiqada Xulian Alvarez jarima zarbasidan gol urgan bo‘lsa, 70-daqiqada Aleksandr Syorlot oradagi farqni ikkitaga oshirdi.
Shu tariqa, “Atletiko” "Kamp Nou" stadionida 20 yil kutilgan g‘alabani qo‘lga kiritdi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, madridliklar ushbu stadionda so‘nggi bor 2006-yilda zafar quchgan. Milliy chempionat doirasida o‘tgan o‘yinda “Atletiko” 1:3 hisobida g‘alaba qozongan edi. Bu jamoalar o‘tgan vaqt ichida "Kamp Nou"da 26 marotaba turli musobaqalarda raqobatlashdi va ularda “matraschilar” biror marta g‘alaba qozonmagan.

2024-yilda Diyego Simeone shogirdlari kataloniyaliklarni safarda yengganini ta’kidlab o‘tish lozim, lekin bu o‘yin "Monjuik" stadionida tashkil etilgan edi.
Darvoqe, bu jamoalar Chempionlar ligasi chorak final bosqichidagi javob o‘yinlarini 14-aprel kuni o‘tkazadi.
Eslatib o‘tamiz, 1/4 final bosqichida “Real Madrid" o‘z maydonida "Bavariya"ga 1:2 hisobida imkoniyatni boy bergan bo‘lsa, "Sporting" — "Arsenal" bahsi 0:1 hisobida yakunlangan edi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA