Bir murojaat izidan

Tahririyatimizga Qashqadaryo viloyati Sevaz qishlog‘i aholisidan murojaat kelib tushdi. Unda ta’kidlanishicha, qishloqning tepa qismida joylashgan, maydoni taxminan 20 gektarga yaqin yaylovda aholi uzoq yillardan buyon mayda va yirik shoxli mollarini o‘tlatib kelgan. Lekin ikki yildan buyon yaylovga chegaradosh hududdagi fermer xo‘jaligi ishchilari yaylovga aholining chorva mollarini kiritmayapti. 

Murojaatni o‘rganish maqsadida fotomuxbir bilan birgalikda aytilgan manzilga yetib bordik. Ko‘rinishidan bepoyon ko‘ringan bu yaylov lalmi hudud hisoblanib, asosan yog‘ingarchilik hisobiga u yerda o‘t o‘lanlar unib chiqadi va qishloq aholisining ta’kidlashicha, shu yerda odamlar azaldan mol-qo‘ylarini o‘tlatib kelgan. 

Aholi vakillarining fikrlarini tingladik.

– Bu yaylov bundan 50 yil oldin ham xalqniki bo‘lgan. Shu yerda qo‘y boqib ulg‘ayganmiz. Hozir fermer egallab olgan, aholi molini boqqani qo‘ymayapti, – deydi shu qishloqlik Narzulla Bobonazarov. – Xalq uchun zaxira yer tashlangan edi. Hech kim bir so‘m ber demagan. Surishtirdik, hokimlikdagilar zaxira yer, deydi. Fermer esa menga qarashli, deydi. Murojaat qilmagan joyimiz qolmadi. Bo‘ldi, hal qilib beramiz, deydi, ammo natija yo‘q. Ikki oydan buyon sarsonmiz. Oldin Gulbog‘ qishlog‘i chorvasi ham chiqardi. Hozir ular chiqishmayapti. Qishlog‘imizda 500 boshdan ziyod qo‘y, 200 boshdan ziyod qoramol bor. Fermer yer menga qarashli, deb ikki yildan buyon chorvamizni kiritgani qo‘ymayapti. 

– 40 bosh qo‘yim bor. Uyda saqlab bo‘lmaydi ularni. Dalaga o‘tlatish, oyog‘ini yozish kerak. Fermer esa yaylovga o‘tgani qo‘ymaydi. Tortishsak, o‘rtada janjal, – deydi Toshtemir Abdullayev. – Yoshim 60 ga yetdi. Lekin esimni taniganimdan buyon shu joylarda molimizni boqqanmiz. Mahalla raisiga, tuman hokimiga uchradik. Muammoni hal qilib bering, dedik, ketaveringlar, hal qilib beramiz, deydi, ammo natija yo‘q. Qorako‘lchilikka ham bordik. Qachon borsak, idorasi qulf. Qishloq aholisining asosiy tirikchiligi shu chorva ortidan. Shuni hisobidan farzandlarimizni o‘qityapmiz, to‘y-hasham va boshqa ehtiyojlarimizni qondiryapmiz. Har bir xonadonda yo‘q deganda 20-30 bosh qo‘y bor. To‘g‘ri, yer davlatniki, shartnoma qilib bersa, biz to‘lashga rozimiz. Shu chorvani boqish orqali bandligimizni ta’minlayapmiz. Prezidentimiz ham tovuq boq, qo‘y boq, deb doimo ta’kidlaydi. Biz qo‘y boqishga o‘rganganmiz. Lekin yer masalasida qiynalyapmiz. Bir odam butun boshli qishloqning chorvasi  o‘tlashiga to‘sqinlik qilib o‘tiribdi. 

Haqiqatdan ham,  qishloq ahlining asosiy tirikchiligi chorvachilikdan. Lekin bugungi kunga kelib yaylov maydonlarining qisqarishi evaziga ularning chorva mollarini boqish imkoniyatlari ham cheklanmoqda. 

Aholi chorvasining o‘tlashiga qarshilik ko‘rsatayotgan fermer chorvachilikka ixtisoslashgan “Qilichbek Shoir” fermer xo‘jaligi rahbari Shoir Rajabov ekan. Murojaatni o‘rganish asnosida fermer bilan ham gaplashdik. 

– Faoliyatimni qonuniy olib boraman. Hududdagi “Kitob Shahrisabz Hisor” MCHJ chorvachilik klasteri bilan ikkilamchi ijara shartnomasi tuzib faoliyat yurityapman, – deydi Shoir Rajabov. – O‘tgan yili o‘sha klaster bilan tuzgan ijara shartnomamiz ham o‘lda-jo‘lda bo‘lib qoldi. Fuqarolar foydalanyapti, lekin shartnoma qilib yerni menga bergan. Shu bois fuqarolar bilan o‘rtamizda kelishmovchilik chiqyapti. Bu yil ham yilning boshida shunday shartnoma tuzganman. 1,5 ming bosh “Hisori” zotli qo‘y-echki bo‘yicha guvohnomam bor. 182 gektar yaylov ajratilgan. Suvli yer yo‘q. Bu yaylov 285-konturga kiradi. 

Fermerning fikrlariga tayanadigan bo‘lsak, hozir xalq foydalanib turgan yaylov klaster korxonasi tomonidan shartnoma tuzilib, unga ijaraga berilgan. Fermer bizga fikrlarini tushuntirarkan, 2024 yil uchun ham tuzilgan shartnomasini ko‘rsatdi. 

Ushbu masalaga aloqador hujjatlar bilan qiziqdik. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 2 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida pillachilik va qorako‘lchilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingan va ushbu farmonning 7-bandida 2020 yil 15 oktyabrga qadar qorako‘l zotli qo‘ylarni ko‘paytirishga mo‘ljallangan mavjud yaylovlar Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasining doimiy egaligiga o‘tkazilishi ta’kidlangan. 

Xususan, ushbu farmon ijrosi doirasida 2020 yil 2 oktyabrda Kitob tumani hokimining “Tumandagi mavjud yaylov yer maydonlarini O‘zbekiston Respublikasi Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasining doimiy egaligiga o‘tkazish to‘g‘risida”gi x-1729/10-sonli qarori ham qabul qilingan. Unga ko‘ra, tuman bo‘yicha jami 40 ming 281 gektar yer maydoni Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasiga o‘tkazib berilgan. Shundan 26 ming 863 gektar yaylov maydoniga o‘zgartirishlar kiritilib, kadastr pasportlari yangidan tayyorlangan. 

Farmon ijrosi doirasida tumandagi hamma hujjatlar qog‘ozlarda joy-joyiga qo‘yilgan bo‘lsa-da, amalda tizim yaxshi ishlamayapti. Yo‘qsa, yuqoridagi kabi chigal vaziyatlar paydo bo‘lmasdi. 

– Ushbu yer maydoni 2020 yilga qadar qishloqning chorvasi o‘tlaydigan joy bo‘lgan. 2020 yildan Prezidentning tegishli farmoniga asosan tumandagi barcha mavjud 40 ming gektardan ziyod yaylov Qorako‘lchilik qo‘mitasiga doimiy foydalanish uchun o‘tkazib berilgan, – deydi Kadastr palatasining tuman bo‘limi topograf mutaxassisi Abbos Ochilov. – Shunga binoan tuman hokimining ham qarori chiqqan. Qo‘mitaning tumanlarda klaster korxonalari tashkil qilindi va u klaster korxonalari fermerlar va fuqarolarga ikkilamchi ijara shartnomasi asosida yaylovlarni foydalanishga berib kelmoqda. Bu yer maydoni haqida gapiradigan bo‘lsak, qishloq aholisining o‘zi ham ijara shartnomasi tuzib foydalanishi mumkin edi. Hozir ma’lum bo‘lyaptiki, fermer o‘sha klaster korxonasi bilan ijara shartnomasi tuzgan ekan. Bu yerda kim haq, kim nohaqligini o‘sha klaster korxonasi aytishi mumkin. 

Ushbu murojaat yuzasidan tuman hokimligi mas’ullari bilan bog‘lanishga harakat qildik. Tuman hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarini topolmagach, qishloq xo‘jaligi bo‘limi mutaxassisi Akrom Zayniddinov bilan bog‘landik. Mas’ul bilan yuzma-yuz ko‘rishishga muvaffaq bo‘lmasak-da, telefon orqali gaplashdik. Uning ta’kidlashicha, ushbu yer xalqqa tegishli, fermer tuzgan shartnoma noqonuniy, klasterga ham tegishli emas. Zayniddinovning aytishicha, xaritalar noto‘g‘ri chizilgan. U yerning konturi 285q kontur emas balki 293-konturga qarashli. 

Bu fikrlarni isbotlovchi dalillarni so‘raganimizda, mas’ul tayinli hujjatlarni taqdim qila olmadi, afsuski...

Zayniddinovning bu fikrlari esa masalaning yechimini yanada chigallashtirdi. Yana o‘rganishlar, izlanishlar, qarama-qarshi fikrlar. 

Shu bois yana tumanga borishimizga to‘g‘ri keldi. Bu safar mahalla idorasida yig‘ildik. Unda klaster korxonasi rahbari, tuman hokimligining yer resurslari bo‘yicha mas’uli, qarshilik ko‘rsatayotgan fermer va yana aholi vakillari bilan uzoq suhbatlashdik. Klaster rahbari va tuman mas’ullari o‘n kun ichida ushbu masalani ijobiy hal qilib berishga va’da berishdi.     

Aytilgan muddat o‘tgach nihoyat bugun klaster rahbari bilan bog‘landik. 

– To‘g‘ri, farmonda hammasi ko‘rsatilgan, lekin joyiga borib o‘rganganimizda konturlar belgilangan joyga to‘g‘ri kelmayapti. Shuning evaziga anglashilmovchiliklar kelib chiqqan, – deydi “Kitob Shahrisabz Hisor” MCHJ chorvachilik klaster korxonasi rahbari Muhammadsodiq Qiyomov. –  Har yili ijara shartnomalari qayta tuziladi. Biz ham avvalo aholining manfaatini ko‘zlab ish yuritamiz. O‘sha bahsli joy bo‘yicha qayta o‘rganish olib bordik va aholi bilan ham, fermer bilan ham kelishib oldik. Aslida o‘sha joy aholi uchun mol- qo‘ylarini sug‘orish va keyingi yaylovlarga haydab o‘tish uchun zarur ekanligi ayonlashdi. Shuni hisobga olib bahsli yerning tepa tomonidan 50 gektar atrofidagi yerni belgiladik va fermerlar bilan kelishgan holda aholi chorvasini sug‘orish uchun va keyingi dalaga o‘tishi uchun yo‘l ham ajratdik. Nasib etsa, bir necha kun ichida ijara shartnomalarini tuzib, rasmiylashtirib beramiz, muammo bo‘lmaydi. 

[gallery-15868]

Xullas, masala ijobiy hal bo‘ldi, deyish mumkin. Lekin bir mulohaza. Mamlakatimizda Prezidentimiz olib borayotgan siyosatning mohiyatida xalqni rozi qilish ustuvor ahamiyat kasb etadi. Shunday ekan, mahalliy idoralar avvalo biron masalaga yondashayotganda aholining manfaatlarini birinchi qo‘yib, muammoga yechim izlansa, maqsadga muvofiq bo‘ladi, deb o‘ylaymiz.

Muxtasar aytganda, qishloq xo‘jaligida fermer xo‘jaliklari tashkil bo‘lganidan keyin chorva uchun yaylovlar masalasida joylarda ayrim muammolar paydo bo‘layotgani ham bor gap. Mamlakatimiz bozorlarini go‘sht mahsulotlari bilan to‘ldirishga salmoqli hissa qo‘shayotgan Qashqadaryo viloyatida bu borada ahvol qanday?

Keyingi maqolamiz shu mavzuda bo‘ladi.

O‘lmas  Barotov, 

Jamshid Norqobilov (surat), 

O‘zA muxbirlari

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yaylovlar muammosi: Mutasaddilar va’dasini bajaradimi?