Yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilikdir
Bir ezgu amal bor – ko‘ngillarni ko‘tarib, dillarni yayratadi, odamlar o‘rtasida o‘zaro mehr-oqibatni mustahkamlab, yuz ko‘rishmas bo‘lib ketganlar kishilarni yarashtiradi, jamiyatda tinchlik-totuvlikni ta’minlaydi. Bu – xayru saxovatdir.
Alloh taolo: «Alloh yo‘lida mollarini ehson qiluvchilar (savobining) misoli go‘yo bir donga o‘xshaydiki, u har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqaradi. Alloh xohlagan kishilarga (savobini) yanada ko‘paytirib beradi. Alloh (karami) keng va bilimdon zotdir» (Baqara surasi, 261-oyat), deb marhamat qiladi.
Ayni kunlarda «Vaqf xayriya jamoat fondi tomonidan amalga oshirilayotgan saxovat tadbirlariga o‘z hissasini qo‘shayotgan yurtdoshlarimiz bisyor.
Buyuk Rabbimiz oyati karimada tavsiflab qo‘yganidek, bizning birgina xayrli ishimiz xuddi bir dondan boshoqlar unib chiqqani kabi ajrlarimiz ham ko‘paytirib beriladi.
Darhaqiqat, uch kundan beri qilinayotgan qurbonliklar, xayru saxovat tadbirlari natijasida qanchadan-qancha muhtoj oilalarga xursandchiliklar ulashilganini ta’riflash mushkul.
Imom domlalar kam ta’minlangan oilalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarga moddiy yordam berishda kamarbasta bo‘lib, hazrat Alisher Navoiyning «Muruvvat – barcha bermakdir, yemak yo‘q, Futuvvat – barcha qilmakdir, demak yo‘q» so‘zini o‘zlariga shior qilib olishdi.
Poytaxtimizdagi 1-, 2-, 21- va 30-sonli «Mehribonlik» uylarida tarbiyalanayotgan yurtdoshlarimizning ko‘ngillariga olib kirilgan iliqlikni ularning yuz-ko‘zlaridan, shodu xurramliklaridan bilib olish mumkin.
Ikki kun davomida Toshkent shahrining o‘zida Qur’oni karim 170 marta qilingani, duo-yu iltijolarimizda Yaratgandan so‘ralgan tilaklar, albatta, ijobat bo‘lgay, inshaalloh.
Parvardigor: «Rabbingizdan (bo‘luvchi) mag‘firatga va kengligi osmonlaru Yerga teng, taqvodorlar uchun tayyorlab qo‘yilgan jannat sari (solih amallar qilish bilan) shoshilingiz! Ular (mazkur taqvodorlar) farovonlik va tanglik kunlarida ham xayr-sadaqa qiladigan, g‘azablarini yutadigan, odamlarni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir. Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar» (Oli Imron surasi, 133–134-oyatlar), deb marhamat qiladi.
Hadisi sharifda esa: «Saxovat – bir daraxt. Uning ildizlari jannatda, shoxlari dunyoga tushib turadi. Kimki uning shoxidan ushlasa, ildizlari (jannat) sari tortadi. Baxillik ham bir daraxt., uning ildizlari do‘zaxda, shoxlari yer yuziga bo‘ladi. Uning shoxidan ushlaganlarni o‘z domiga tortadi», deyilgan.
Muxtasar aytganda, bugun amalga oshirilayotgan saxovat tadbirlari yurtimizga fayz, baraka olib keladi, inshaalloh.
Abduqahhor YUNUSOV,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari