Turbat – Qozog‘istonning janubida, tog‘lar bag‘rida joylashgan, go‘zal va tarixiy qishloqlardan biri. Bu zamin o‘zining go‘zalligi, mo‘’tabar ziyoratgohlari, ma’rifatparvar insonlari, urf-odatlari bilan ajralib turadi. Ushbu maqolada biz Turbat qishlog‘ining tarixiy o‘rni, ma’naviy merosi va bu yurtda yetishib chiqqan ijodkorlar haqida so‘z yuritamiz.
Turbat so‘zi arabcha bo‘lib, “mozorot”, “qabr” degan ma’nolarni anglatadi. Bu yurt aziz avliyolar maskani hisoblanadi. Ismoil ota, Isqoq ota, Hazrati Mulla ota, Chilton buva va Parpi ota kabi zotlarning qabrlari shu yerda joylashgan. Ayniqsa, Ismoil ota masjidi eng mashhur ziyoratgohlardan bo‘lib, u yerda Qo‘chqor ota va Jabroil otaning qabrlari ham mavjud. Ushbu maskan Qozog‘istonning turli hududlaridan kelgan ziyoratchilar bilan doim gavjum bo‘ladi.
Turbat adabiyotga mehr qo‘ygan, qalam sohiblarini tarbiyalagan qishloq sifatida ham e’tiborga molik. Bu yurtdan chiqqan va uning nomini ilk bor boshi uzra dast ko‘targan ijodkor bu – Turob To‘la. Uning “Turbat” nomli she’ri mashhur. She’rda yurtdoshlik, ona diyor va muhabbat tuyg‘ulari ifoda etilgan. Shuningdek, Turbat tarixiga oid “Yetti zog‘ora” nomli hikoyasi ham bor.
Turob To‘ladan keyin turbatliklar hurmatiga sazovor bo‘lgan ijodkor, o‘zidan munosib iz qoldira olgan shoir Bahodir Sobitdir. U o‘zining Vatanga bo‘lgan cheksiz muhabbati, mehrini she’rlarida ulug‘lay olgani bilan ham hurmatga loyiq. “Turbat taronasi”, “Turbatnoma” kabi she’rlari sevib o‘qiladi.
Bahodir Sobit Qozog‘iston yozuvchilari va jurnalistlari uyushmasi a’zosi. U ijod qilish bilan birga, Turkiston viloyatining ijtimoiy-siyosiy hayotida ham faol ishtirok etgan.
Quyidagi she’r Bahodir Sobit ijodining yorqin namunasi bo‘lib, Turbat qishlog‘iga bo‘lgan muhabbatni ifodalaydi:
Asilsan, serjilva, ajoyib diyor,
Suvlaring billurdek toza, beg‘ubor.
Dilkash insonlarga ona maskansan,
Vasling jilosiga oy ham intizor.
Ismoil otadek azizlar yurti,
Mehmonnavozlikka mudom tayyorsan.
O, ko‘hna qishlog‘im, so‘lim navqiron,
Bag‘ri keng otadek mehrga yorsan.
Shifoli buloqlar sendadir bisyor,
Qimizing serxislat, mehrigiyoday.
Ta’rifing demoqka tilginam ojiz,
Qizlaring har biri bulbul-guyoday.
Gullar chiroy olar go‘zalligingdan,
Olmasi qand misol shakar-sharbatim.
Tinglagil Bahodir o‘g‘ling rozini,
Madhingga she’r bitdi, ona Turbatim.
Bahodir Sobit ijodi qishloq adabiy muhitida yangi shogirdlar yetishishiga ham sabab bo‘ldi. Jumladan, unga ergashib taniqli telejurnalist Mahamadjon Rahmatov, To‘la Tursunmurod, Nigora Soipova, Nazira Sobitova kabi adabiyotga mehr qo‘ygan ijodkorlar katta maydonga chiqishdi.
2010 yilda Bahodir Sobit tashabbusi bilan “Adabiyotchilar do‘stligi — xalqlar do‘stligi” mavzusida O‘zbekiston va Qozog‘iston yozuvchilari ishtirokida katta anjuman o‘tkazilganini hali-hamon eslab yurishadi. Bu tadbirda turbatlik hamqishlog‘imiz Mahamadjon Rahmatov ham ishtirok etgan, anjuman ikki xalq o‘rtasidagi adabiy aloqalar, do‘stlik va tinchlik masalalariga bag‘ishlangan edi.
Yuqori aytib o‘tganimdek, Mahamadjon Rahmatov Bahodir Sobitning shogirdi edi. U Toshkentga kelib o‘z so‘ziga ega jurnalist bo‘lib yetishdi. Mehnati e’tirof etildi. Jumladan, “Eng ulug‘, eng aziz” respublika ko‘rik-tanlovida g‘olib bo‘ldi.
Bu tanlovda hamqishlog‘imiz mustaqillik g‘oyalari singdirilgan dolzarb mavzulardagi materiallari bilan ishtirok etgan edi.
Xulosa qilib aytganda, Turbat – faqat Toshkent biqinida joylashgan qulay geografik joygina emas, balki ko‘ngil, ruh, ijod va ma’naviyat maskani ham. Bu yurtni sevgan, uni madh etgan insonlar xotirasi biz uchun azizdir. Shu ma’noda Turbat va turbatliklarning faxri bo‘lib kelayotgan insonlar nomi dillarda, tillarda barhayot bo‘lib qolgusi.
Nodirabegim Tosheva,
O‘zJOKU 1-bosqich talabasi.
O‘zA