Jizzax viloyatining tog‘li Forish tumanida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ezgu tashabbuslar amalga oshirilayotganini alohida ta’kidlash lozim.
Xalqimizda yaxshidan bog‘ qoladi, degan naql bor. Darhaqiqat, avvallari har bir xonadonda farzand tug‘ilsa yoki nevara-evaralarga atab ota-bobolarimiz esdalik sifatida daraxtlar ekishgan. Vaqt o‘tib, shu daraxtni oila a’zolari otasi yoki bobosi ekkanligini farzandlariga aytib, nihollarni asrab-avaylab, kezi kelganda do‘ppida suv keltirib sug‘orishgan.
Ushbu an’ananing yo‘qolib ketishiga yo‘l qo‘ymayotgan yaxshi insonlar bugungi kunda ham oramizda borligi quvonarli. Bunday insonlar o‘zlarining oliyjanobligi va saxovatpeshaligi bilan yurtimiz ko‘rkiga ko‘rk bag‘ishlab, yashil bog‘lar tashkil etmoqda.
Ana shunday bog‘bonlardan biri forishlik Mamadamin Burxonovdir. Asli Forish tumanining Baland osmon qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan Mamadamin ota turmush o‘rtog‘i bilan 5 o‘g‘il va 2 qizni tarbiyalab voyaga yetkazdi. Bugungi kunda Jizzax shahrida istiqomat qilayotgan qahramonimiz yaxshi bir tashabbusga qo‘l urdi. U farzand va nabiralarini yoniga olib, “Yashil makon” umummilliy loyihasiga o‘z hissasini qo‘shishga kirishdi.
Forish tumanining Qoratosh va Ana-muna qishloqlari orasida daraxt ekish uchun maqbul yer tanlab olindi. Bu yerga Burxonovlar oilasi tomonidan jami 400 tup ko‘chat keltirilib, Mamadamin otaning duolari bilan boshlangan ezgu ish davomida 230 tup g‘ujum-qayrag‘och, 120 tup tut hamda yana 50 tup turli mevali daraxt ko‘chati ekildi.
[gallery-22487]
Ayni kunda Madamin boboning ushbu bog‘ida tomchilatib sug‘orish tizimini o‘rnatish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari