Yaxshi kitob, mehr va e’tibor – eng katta sovg‘a
Bolalarning yozgi ta’til kunlari tobora qizg‘in tus olgan shu kunlarda O‘zbekistonda Yozuvchilar uyushmasi mamlakatimizdagi oromgohlarda ma’rifiy-ijodiy uchrashuvlarni tashkil etmoqda.
Ana shunday ijodiy uchrashuvlardan biri poytaxt chekkasida joylashgan "Gulbahor" nomli so‘lim oromgohda bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid mazkur oromgohda hordiq chiqarayotgan bolalarga badiiy adabiyotlar to‘plamini topshirdi.

22-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari dam olayotgan ushbu maskanda bolalarni sog‘lomlashtirish uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan. Ayni paytda Yozuvchilar uyushmasi tomonidan taqdim etilgan kitoblar to‘plami bolalar va oromgoh kutubxonasi uchun yaxshi sovg‘a bo‘ldi. Bu yerda sog‘lig‘ini tiklashga ehtiyoji bo‘lgan bolalar dam olayotganini inobatga olgan holda uyushma tomonidan taqdim etilgan asarlar kichkintoylarning salomatligini mustahkamlashda alohida ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Uchrashuv bolalarga xos bo‘lgan samimiy, zavqli, jonli tarzda tashkil etildi. Tadbirda taniqli shoirlar bolalarga o‘z she’rlarini o‘qib berdilar.
Uchrashuv davomida bolalar ana shunday samimiy muloqotga, yaxshi kitobga, mehrga ehtiyojmand ekani yana bir karra ayon bo‘ldi. Ijodiy muloqot bolalarda katta taassurot qoldirdi.
N.Usmonova, O‘zA