Yaxshi jurnalist bo‘lishga eltuvchi maktab
Yosh jurnalistlar mohir ustozlarning o‘ziga xos uslubini o‘rganish orqali tajriba orttirishlari, qolaversa, ularning xatolari va muvaffaqiyatlaridan xulosa chiqarishlari mutaxassislikka oid bir nechta kitobni o‘qishdan ko‘ra foydali bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi respublika bo‘ylab tashkil etayotgan 35 ta mahorat maktabi mana shunday ezgu maqsadga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan. Jumladan, Toshkent shahrida Nozima Vohidova, Nazira Mambetsharipova, Dildora Rustamova, Xorazmda Ro‘zimboy Hasan, Jizzaxda Sayyora Bo‘ronova, Qashqadaryoda Norbo‘ta Bo‘tayev, Buxoroda Laylo Hayitova kabi taniqli jurnalistlarning mahorat maktablari faoliyat boshlamoqda.
Bugun poytaxtimizda ana shunday kasbiy muvaffaqiyat sirlarini o‘rgatuvchi mahorat maktabi «Ishonch» va «Ishonch-Doveriye» gazetalari tahririyati qoshida o‘zining ilk mashg‘ulotini o‘tkazdi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, senator, mazkur gazetalar bosh muharriri Husan Ermatov O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining jurnalistika fakultetlarida tahsil olayotgan talabalar, shuningdek, tahririyatlarda faoliyat yuritayotgan yosh jurnalistlar bilan muloqot qildi.
Mashg‘ulot savol-javob va fikr almashuvlarga boy kechdi. Suhbat davomida yaxshi jurnalist bo‘lish uchun nimalar zarurligi, kuzatuvchanlik, savol berish madaniyati, nutq ustida ishlash va kitobxonlikning ahamiyati haqida so‘z yuritildi. Ayniqsa, savol berish mahoratiga alohida e’tibor qaratildi.

Ta’kidlanganidek, mazmunli intervyu olish uchun jurnalist suhbatga oldindan puxta tayyorgarlik ko‘rishi shart. Shu bois, «Agar biror tadbirga borayotgan bo‘lsangiz, u haqda avvaldan tasavvurga ega bo‘ling. Biror inson bilan suhbatlashmoqchi bo‘lsangiz, uning hayoti, faoliyati haqida ma’lumot to‘plang, o‘rganing», – deya maslahat berdi ustoz jurnalist.
– Bugungi ochiq muloqot sohaga bo‘lgan qiziqishimni yanada oshirdi, – deydi O‘zJOKU talabasi Otabek Qurbonboyev. – Ustoz Husan Ermatovning «Jurnalist jamiyatda bo‘layotgan voqealarni sharhlaydi, yozadi, gapiradi. Buning uchun, avvalo, o‘zi atrofida nima bo‘layotganini yaxshi tushunishi, ko‘p o‘qishi va kuzatishi lozim», degan gaplarini o‘zimning hozirgi holatim bilan qiyosladim. Angladimki, yaxshi jurnalist bo‘lish uchun yanada ko‘proq o‘qib, o‘rganishim kerak ekan.

Uchrashuv yakunida mahorat maktabining keyingi mashg‘ulotlarida aniq mavzular va yo‘nalishlar bo‘yicha muloqotlar o‘tkazishga kelishib olindi.
O‘zA