Yaxshi dam – mehnatga hamdam
Buxoro viloyati paxtakorlari joriy yilda 109 ming 600 gektar maydonda mo‘l hosil yetishtirdi. Ayni kunlarda hosilni yog‘in-sochinli kunlarga qoldirmay yig‘ib-terib olish qizg‘in davom etmoqda.
Buxoro viloyati paxtakorlari joriy yilda 109 ming 600 gektar maydonda mo‘l hosil yetishtirdi. Ayni kunlarda hosilni yog‘in-sochinli kunlarga qoldirmay yig‘ib-terib olish qizg‘in davom etmoqda.Bu jarayonda terimchilarga zarur shart-sharoit yaratish, tibbiy, madaniy va savdo xizmati ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Buxoro viloyati madaniyat va sport ishlari boshqarmasi, Ma’naviyat targ‘ibot markazi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi viloyat bo‘limlari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi hamkorligida tashkil etilgan targ‘ibot guruhlari dala mehnatkashlarining bo‘sh vaqtini maroqli o‘tkazish uchun turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etmoqda.
Taniqli olimlar, yozuvchi va shoirlar, san’atkorlardan iborat targ‘ibot guruhlari maxsus jadval asosida barcha tumanlarda bo‘lib, paxtakorlar huzurida uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Bunday uchrashuv va suhbatlar, konsert dasturlari terimchilarga xush kayfiyat ulashmoqda.
Peshku tumanidagi “Turon”, "Malishoyak", “Moviy osmon”, “Aslon Farmon zamini” fermer xo‘jaliklari dalasida o‘tkazilgan ana shunday tadbirlarda bir guruh ijodkorlar, olimlar ishtirokidagi samimiy muloqotlar, san’atkorlarning Vatan, tinchlik, ezgulik va muhabbatni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlari terimchilarga zavq bag‘ishladi.
– Yig‘im-terimni uyushqoqlik bilan tashkil etish maqsadida ishlab chiqilgan maxsus dasturga muvofiq, terimchilarning unumli mehnat qilishlari uchun tegishli sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Buxoro viloyati madaniyat va sport ishlari boshqarmasi boshlig‘i O‘lmas Rashidov. – Ular orasida madaniy xizmat ko‘rsatish alohida o‘rin tutadi. Viloyat musiqali drama teatri, qo‘g‘irchoq teatri, “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi viloyat bo‘limi san’atkorlari tumanlarda bo‘lib, har biri o‘ziga xos dasturi bilan terimchilarni xushnud etmoqda. Yaxshi dam – mehnatga hamdam, deyishadi. Ijodiy jamoalar kuy-qo‘shiqlari, sahna tomoshalari orqali paxtakorlarga zavq ulashish, ularning kayfiyatini yanada ko‘tarishga hissa qo‘shmoqda.