Yashirin sex fosh etildi
To‘raqo‘rg‘on tumani huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Namangan shahrida yashovchi fuqaro B.M. “Oqtosh” mahalla fuqarolar yig‘inida hech qanday hujjatlarsiz yashirin sex tashkil etib, paxta chigitidan qo‘lbola usulda yog‘ ishlab chiqarayotgani aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan o‘tkazilgan sud hukmi bilan fuqaro B.M. ga Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jazo tayinlangan. Bundan tashqari sud hukmida 1 ming 130 litr paxta chigit yog‘i iste’molga yaroqsiz deb topilgan va yo‘q qilish belgilangan.
Ijro hujjatini ta’minlash maqsadida yo‘q qilish tadbiri o‘tkazildi. Unda mahsulot ko‘zdan kechirilib, Majburiy ijro byurosi, tegishli idoralar tuman bo‘limlari vakillari ishtirokida tumandagi markaziy chiqindixonada belgilangan tartib asosida yo‘q qilindi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA