Mamlakatimizda pul-kredit, valyuta, soliq va tashqi savdo siyosati sohalarida tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun qulay sharoitlar yaratish va investitsiya muhitini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, ekspertlarning baholashlari va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida o‘tkazilayotgan so‘rovlar iqtisodiyotdagi yashirin aylanmaning, ayniqsa, savdo va umumiy ovqatlanish, avtotransportda tashish, uy-joy qurilishi va ta’mirlash, turar joy xizmatlarini ko‘rsatish kabi sohalarda yuqori darajada saqlanib qolayotganligidan dalolat beradi, bu esa vijdonli tadbirkorlarning iqtisodiy manfaatlariga putur yetkazmoqda, ular uchun teng bo‘lmagan biznes yuritish shartlarini yuzaga keltirmoqda.
Viloyatimizda yashirin iqtisodiyot darajasini pasaytirish, tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun, shu jumladan, tartibga solish va ma’muriy yukni kamaytirish hisobiga teng raqobat sharoitlarini yaratish, soliq qonunchiligi talablariga rioya qilish tartib-taomillarini avtomatlashtirish va uning tartibini soddalashtirish maqsadida bir qancha chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Qayd etish lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 30 oktyabrdagi “Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliq organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni asosida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va soliq boshqarmasi mas’ullaridan iborat viloyat hududiy komissiyasi tuzildi.

Komissiya tomonidan muntazam ravishda joylarda tadbirkorlar faoliyatini qonuniylashtirish, yashirin iqtisodiyot shakllanishiga olib keladigan omillarni aniqlash, ularga ta’sirchan choralar ko‘rish ishlari yo‘lga qo‘yildi.
Birinchi navbatda, chegara hududlaridan noqonuniy olib kirilgan tovarlar savdosiga chek qo‘yish hamda davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan tadbirkorlik faoliyati yuritishni va daromadlarni yashirishning oldini olishga, shuningdek, qurilish va xizmat ko‘rsatish sohasidagi norasmiy mehnat faoliyatini yuritish kabi holatlarni aniqlash va bartaraf etishga asosiy e’tiborni qaratyapmiz.
“Soliqchi ko‘makchi” tamoyili hamda “mahallabay” ishlash tizimlari orqali tadbirkorlik sub’ektlariga amaliy yordamlar berish hamda yashirin iqtisodiyot bilan shug‘ullanib kelayotgan tadbirkorlar bilan manzilli ishlar tashkil etildi.
2024 yil davomida viloyatimizdagi 23 ta bozor va 13 ta savdo komplekslarida o‘tkazilgan xatlovlarda 2 886 nafar davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan faoliyat yurituvchi fuqaro aniqlandi, ular davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, 675 ta nazorat kassa apparati o‘rnatildi.
Ma’lumki, so‘nggi paytlarda tadbirkorlar tomonidan ishchi-xizmatchilarga “konvert” usulida ish haqi berilishi, belgilangan ish haqidan kam hisoblanishi yoki ishchilarning norasmiy ishlatilishi, haqiqiy savdo tushumini hisobotlardan yashirish holatlari avj oldi.
O‘rganishlar davomida 242 ta umumiy ovqatlanish korxonasida 502 nafar norasmiy ishchi-xodim faoliyat ko‘rsatayotganligi aniqlanib, ularning rasmiy bandligi ta’minlandi hamda ish haqidan daromad solig‘iga bir oylik 257 million so‘m soliqlar hisoblandi. Ana shu kabi holatlarga barham berilishi natijasida 233 milliard so‘m soliq tushumi mahalliy byudjetga kelib tushdi.
Hokim yordamchilari tomonidan joriy yil yanvar oyida yashirin ish o‘rinlarini legallashtirish maqsadida viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan ishlab chiqarish korxonalari xatlovdan o‘tkazilganda, 13,5 mingta korxonada 42 mingta ish o‘rni hisobotlarda aks ettirilmayotganligi aniqlandi. Ushbu yashirin ish o‘rinlarining 7,5 mingtasi legallashtirildi.
Shu yilning yanvar-fevral oylarida Ishchi guruh tomonidan yashirin iqtisodiyotni qisqartirish yuzasidan barcha shahar va tumanlarda xatlov o‘tkazilishi oqibatida qariyb 850 milliard so‘m byudjetga qo‘shimcha manba aniqlandi. Barcha soliq inspeksiyalariga o‘rganish ma’lumotlari va tahlillar yetkazib berilib, ijroga qaratilmoqda.
Bugungi kunga kelib, ishlab chiqarish hajmini kamaytirgan sanoat korxonalari iste’mol qilgan elektr energiyasidan kelib chiqib, ularning ishlab chiqarish hajmi va byudjet tushumi qayta hisob-kitob qilinmoqda.
Masalan, joriy yilning birinchi choragida ishlab chiqarishni kamaytirgan 3 ta yirik, 105 ta kichik korxona o‘rganilganda, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan ko‘p elektr iste’mol qilgani ma’lum bo‘ldi. Qayta hisob-kitob natijasida 571,2 milliard so‘m sanoat mahsulotlari hajmi va byudjetga 68,5 milliard so‘m qo‘shimcha manba aniqlandi.
O‘tgan yilning birinchi choragida soliq tushumlari 19 milliard so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, joriy yilning xuddi shu davrida soliq tushumlari 125 milliard so‘mga orttirib bajarildi. Buning natijasida qo‘shimcha tushum o‘tgan yilga nisbatan qariyb 7 barobarga ko‘paydi.
Joriy yilning shu davriga qadar tadbirkorlik sub’ektlarida norasmiy ishlayotgan 12,4 mingdan ortiq ish o‘rinlari legallashtirilib, yashirin faoliyat ko‘rsatayotgan 1,6 mingta tadbirkor rasmiy sektorga qaytarildi. Ushbu tadbirkorlarning 1 053 ta yangi ish o‘rni yaratishi tufayli bu yil soliq bazasidan o‘tgan band aholi soni 950 ming nafarga yetdi.
Hozir viloyatimizdagi fermer xo‘jaliklari ekin yer maydonlariga mutanosib tarzda ishchilarni ishga qabul qilish va ularni legallashtirishga e’tibor qaratyapmiz. Shuningdek, qurilish yo‘nalishida ham norasmiy ishlayotganlarni rasmiy sektorga o‘tkazish choralari ko‘rilmoqda.
Ahamiyatli tomoni shundaki, soliq tizimining mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyatiga qadar tushirilib, “soliqchi – tadbirkorga ko‘makchi” tizimining keng targ‘ib qilinishi tadbirkor bo‘lish istagida bo‘lgan fuqarolarga o‘z vaqtida to‘g‘ri yo‘nalish ko‘rsatilishiga zamin yaratdi.
Bir so‘z bilan aytganda, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishga keng jamoatchilikni, ommaviy axborot vositalarini jalb qilish, jamiyatda yashirin iqtisodiyotga murosasizlik hissini shakllantirish, legal biznes yuritishning nufuzini oshirishga muhim e’tibor qaratilmoqda.
Mirzohidjon Ubaydullayev,
Farg‘ona viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot
va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha
birinchi o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i.
O‘zA