Yashirilgan marixuana yerto‘ladan topildi
Prezidentning joriy yil 3 noyabrdagi “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoni mamlakatda giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashni yangi bosqichga olib chiqdi. Ayni kunlarda ushbu hujjat asosida “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tadbirining uchinchi bosqichi amalga oshirilmoqda.
Tadbir doirasidagi profilaktika va tezkor choralar jinoyatlarni oldini olish bilan birga, jamoatchilik ongini uyg‘otishga ham qaratilgan. Shunga qaramay, ayrim hududlarda qonunni chetlab o‘tishga urinayotganlar hali ham uchrab turibdi.

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbir davomida bu holat yana bir bor tasdig‘ini topdi.

Jizzax shahrida yashovchi, 1976 yida tug‘ilgan B.U.ning uyi va yordamchi xo‘jaligi ko‘zdan kechirilganda, yerto‘ladan 255 gramm miqdoridagi marixuana – giyohvandlik moddasi topilib, daliliy ashyo tariqasida hujjatlashtirib olingan.

“Xavfsiz va sog‘lom yurt” tadbirining har bir bosqichi jinoyatlarni fosh etishdan tashqari, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, profilaktik ishlarni kuchaytirishga xizmat qilayotir. Jinoyat sodir etilgan joyda javobgarlik muqarrar. Ammo asosiy maqsad — bunday illatlarga umuman yo‘l qo‘yilmaydigan sog‘lom muhitni yaratish.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri