Yashillikka burkangan sihatgoh
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona tumanidagi tog‘oldi hududida joylashgan “Chimyon” sihatgohi nafaqat yurtimiz, balki qo‘shni davlatlardan ham tashrif buyuruvchilar bilan hamisha gavjum. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yerga yiliga 26 ming nafar kishi salomatligini tiklash uchun keladi. Qo‘shni davlatlardan esa so‘nggi yillarda tashrif buyuruvchilar soni 2-3 barobarga ortdi.
Sihatgohdagi zamonaviy sharoitlar, malakali tibbiy xizmat va 700 metr yer ostidan chiqadigan, minerallarga boy shifobaxsh suv dam olish va davolanish istagidagi kishilarni o‘ziga jalb etib kelmoqda.
[gallery-17723]
– Sihatgohimizda muolajalar uchun oltingugurtli (sulfidli) mineral suv ishlatiladi, - deydi malakali shifokor Abdusattor Ashurov. – Hozirgi kunda ko‘p uchrayotgan umurtqa pog‘onasi disk churrasi, poliartrit, chanoq-son bo‘g‘imi artrozi va tizza bo‘g‘imi artrozlari, teri kasalliklaridan psoriaz, zamburug‘, yosh bolalarda bo‘g‘im og‘riqlari, umurtqa pog‘onasi qiyshayishi, yassi oyoqlilik va kattalarda ortiqcha vaznli, qandli diabeti bor bemorlar aynan oltingugurtli suvdan vanna qabul qilib, foydasini sezmoqdalar.
– Men Sirdaryoning Boyovut tumanidan keldim, - deydi suhbatdoshimiz G‘anijon ota Ibrohimov. – O‘n yildan beri shu yerga kelaman, davolanib ketaman. Sharoitlari yoqadi. Hammayoq yashillik, havo toza, kislorodga boy. Xonalarda hamma qulayliklar bor.
Chimyon sihatgohida bo‘lsangiz, xuddi o‘rmonga tushib qolgandek his qilasiz o‘zingizni. Sihatgoh bosh shifokori Dilshod Rahmonovning aytishicha, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida shu yilning o‘zida yana mingga yaqin mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA