Yashillikka befarq bo‘lmasligimiz kerak
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 2 noyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aholini uy-joy bilan ta’minlash hamda yashil maydonlarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Unda “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlash joiz, mazkur loyiha doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish va shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni amaldagi 8 foizdan 30 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda. Loyihani amalga oshirish uchun mablag‘lar ajratilishi, zarur sug‘orish tarmoqlarining barpo etilishi va bu ishlarga xokimlarning qurilish bo‘yicha o‘rinbosarlari ma’sul ekanligi belgilab berildi.
O‘z o‘rnida aytish joizki, xalqimiz o‘z uy-joyini ko‘kalamzorlashtirishga, daraxt ekib bog‘ barpo etishga, tozalik hamda obodonlashtirishga azaldan e’tibor berib kelgan. “Yashil makon” kabi loyihalar hovli-joylar, ko‘p qavatli uylar, yo‘llarimiz bo‘ylaridagi yashil xududlarni toza saqlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirishda xalqimizning o‘zaro mehr-oqibat, hamjihatlikni yanada kuchaytirish va birlashishi uchun xizmat qiladi. Yurtimizning barcha hududlarida “Obod va ko‘rkam mahallam” obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish umumxalq xayriya hashari o‘tkazilib, 10 dekabrga qadar daraxt ekish bo‘yicha “dolzarb 40 kunlik” e’lon qilindi.
Yashillik tabiatning asosini tashkil etadi. Tabiatning barcha tirikligi bevosita daraxtlarga, ularning atmosfera musaffoligini ta’minlashdagi o‘rniga bog‘liq.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, dunyo hamjamiyatining diqqat markazida bo‘lgan G20 davlatlarining Rimda bo‘lib o‘tgan sammitida ham asosiy mavzu – global isish asoratlariga qarshi kurash masalasi bo‘ldi. Sammitda ham daraxt ekish masalasiga asosiy urg‘u berildi. Chunki, yashil hududlarni kengayishi issiqxona gazlarini qisqartirish bilan bir qatorda, iqlim o‘zgarishlariga ta’sirni kamayishiga ham xizmat qiladi. O‘rmonlarning kengaytirilishi nafaqat atmosferada kislorod manbai, balki ortiqcha antropogen SO2 bilan kurashishning eng kuchli vosita sifatida ham ko‘rib chiqilgan. Albatta, buning uchun ko‘plab daraxtlar bo‘lishi kerak. Bu haqda dunyo olimlari tomonidan daraxt ekish muammoga yechim bo‘lishi aytilmoqda. Mana shunday paytda ommaviy ko‘chat ekishdek xayrli ishning mamlakatimiz tarixida ilk marta kuzgi mavsumda boshlanishida ham katta ma’no bor. Asosiysi, kuzda ekilgan ko‘chatlarning yerga o‘rnatib, ildiz otishi va rivojlanib ketishi yuqori bo‘ladi.
Xalqimizda yaxshi an’analar mavjud. Ota-bobolarimiz har bir qarich yerdan unumli foydalanishni o‘rgatishgan. Nabiralarga yoshlikdan nihol ekish, uni parvarishlash barobarida daraxtlarning ona tabiatga foydasi hamda qurilish va hunarmandchilik sohalarida xom ashyo sifatida ham foydalanilishini tushuntirib kelganlar. Daraxt ekish, ayniqsa mevali daraxtlarni ekish savob ekanligi, uning mevasidan bahramand bo‘lganlarning duosi albatta ijobat bo‘lishini uqtirib kelganlar.
Bir so‘z bilan aytganda, sohada belgilab berilgan vazifalarning ijrosi yashil hududlarning kengayishiga, issiqxona gazlarining qisqarishiga, iqlim o‘zgarishlarining oldini olishga xizmat qiladi.
Muxtorjon HOJIMATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati