“Yashillik va tozalik kubogi” g‘oliblari aniqlandi
Navoiy viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-martdagi “Eko-madaniyat” umummilliy loyihasi doirasida ekologik ta’lim, ilm-fan va targ‘ibotni jadallashtirishga oid kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida o‘tkazilayotgan “Yashillik va tozalik kubogi” Respublika tanlovining viloyat bosqichi yakunlandi.
Mazkur tanlov o‘quvchi-yoshlarda ekologik tafakkur va ekologik madaniyatni yuksaltirish, tabiatga mas’uliyatli munosabatni shakllantirish hamda atrof-muhitni asrashga qaratilgan ilg‘or tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.

Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasida tuman va shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalarning tanlov ishlari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Ishtirokchilarning ekologik tashabbuslari, amaliy loyihalari hamda tanlovning uchta sharti bo‘yicha erishgan natijalari viloyat komissiyasi tomonidan tanlov Nizomida belgilangan mezonlar asosida baholandi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘ringa Karmana tumanidagi 21-umumiy o‘rta ta’lim maktabi jamoasi, 2-o‘ringa Navbahor tumanidagi 10-umumiy o‘rta ta’lim maktabi jamoasi va 3-o‘ringa Navoiy shahridagi 3-umumiy o‘rta ta’lim maktabi jamoasi loyiq deb topildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA