"Yashil yillik": Toshkent viloyatida ish qizg‘in
Ko‘klam fasli kelishi bilan "Yashil yillik" umummilliy tadbiri doirasida Toshkent viloyati hududlarida ommaviy daraxt ko‘chatlarini ekish ishlari boshlandi.
Nurafshon shahri markazida Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev hudud faollari, nuroniylar bilan birga bahorning iliq kunlarida bu kabi xayrli ishlarning davomli bo‘lishini ta’kidladi. Oqsoqollar duoga qo‘l ochdi, aholiga farovonlik tilab, Qur’on tilovat qilindi. So‘ng yo‘l bo‘ylariga manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.

O‘rta Chirchiq tumani Kim Pen Xva hududidagi ko‘chatlar ekish tadbirida viloyat tashkilotlari vakillari, tuman hokimligi mas’ullari, nuroniylar va yoshlar qatnashdi.
Tadbir ishtirokchilari sobiq agrosanoat va kasb-hunar maktabiga qarashli foydalanilmay turgan va qayta ta’mirlangan yotoqxonani ko‘zdan kechirdi. Bu maskanda kam ta’minlangan oilalar yashaydi.

Bo‘stonliq tumanining tog‘lar qo‘ynida joylashgan "G‘azalkent" MFYning asosiy yo‘l yoqalariga tuman hokimligi mas’ullari, hududdagi davlat va jamoat tashkilotlari vakillari tomonidan mingga yaqin nina bargli va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilmoqda.
Tumanda hudud iqlimiga va yer sharoitiga mos bo‘lgan ko‘chatlar o‘tqazilmoqda.
Bu kabi tadbirlar barcha hududlarda davom etayapti.

A.Musayev, O‘zA