“Yashil yillik”: Baxmalda ish qizg‘in
Jizzax viloyatining barcha shahar va tumanlari, qishloq va mahallalarida “Yashil yillik” umummilliy tadbirlari izchillik bilan amalga oshirilayotir.
Ko‘chat ekib, bog‘ yaratish xalqimizga xos milliy qadriyatlardan hisoblanib, bizga qadim-qadimdan, ota-bobolarimizdan meros bo‘lib avloddan-avlodga o‘tib kelmoqda. bugungi kunga kelib ushbu an’ana butun mamlakatimiz bo‘ylab umummilliy harakatga aylandi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan “Yashil makon” umummilliy loyihasi asosida shahar, tumanlar, qishloq, mahallalardagi har bir qarich bo‘sh joyga, ko‘cha va xiyobonlarga mevali, manazarali daraxt ko‘chatlari hamda butalar o‘tqazilmoqda. Aholi yashash manzillari, korxona, tashkilot va muassasalar atroflari yashil hududga aylantirilmoqda.
Jumladan, viloyatning Baxmal tumanida topshiriqqa asosan, o‘tgan 2021 yilning kuz fasli va joriy yil davomida reja bo‘yicha jami 1 million 315 ming 800 dona mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilish rejasi ishlab chiqilgan bo‘lib, shundan, o‘tgan yilning noyabr–dekabr oylarida 480 ming 100 tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.
Prezidentimiz raisligida joriy yil 2 fevral kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish borasidagi dolzarb vazifalar yana bir bor muhokama qilinib, unda shu yilning 1 martidan e’tiboran “Yashil yillik” umummilliy tadbiri boshlanishi ma’lum qilingandi.
Ana shu umummilliy tadbir doirasida 2022 yil bahor mavsumida ko‘chat ekish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, bahor oylarida tuman bo‘yicha 294 ming tup olma, gilos, behi, yong‘oq va 566 ming 788 tup archa, terak, qayrag‘och, pavlovniya singari manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish yuzasidan reja tasdiqlangan. Ushbu rejaga ko‘ra, tumandagi ko‘chat yetishtiruvchi “Azamat O‘ktamov” fermer xo‘jaligi bilan 20 ming tup manzarali pavlovniya ko‘chati, “Baxmal asl pavlovniyasi” fermer xo‘jaligi bilan 35 ming, jami 55 ming tup tuman hududi tuprog‘i, iqlimi va sharoitiga mos keladigan har xil turdagi ko‘chatlarni yetkazib berish yuzasidan shartnomalar tuzilgan edi.
Bundan tashqari, tumandagi “Tongotar” qishloq fuqarolar yig‘inida istiqomat qilib kelayotgan ko‘chat bilan shug‘ullanuvchi 2 nafar fuqaro tomonidan jami 15 ming, “Baxmal davlat o‘rmon xo‘jaligi” zimmasiga 46 ming 200 tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari yetkazib berish vazifasi qo‘yilgandi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, bugungi kunda o‘rmon xo‘jaligi ko‘chatxonalarida shu turlardagi 55 ming tup ko‘chat zaxirasi yaratilgan bo‘lib, qolgan qismi mamlakatimizning Baxmal tumani iqlimi va sharoitiga mos keladigan boshqa hududlaridan keltirilishi nazarda tutilgan.
Ko‘chatlarni tayyorlash usuli va yetishtiriladigan nihollarining sifati “Agroinspeksiya”ning tuman bo‘limi mutaxassislari tomonidan nazorat qilib borilmoqda. Bunda mevali ko‘chatlarni payvandlangan va yuqori hosilli navlarini tanlab olish, ularni yetishtirishning hududiy chegaralarini aniqlash, tabiiy-qishloq xo‘jaligi bo‘yicha rayonlashtirish hamda iqlimlashtirish ishlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tumanda izchillik bilan olib borilayotgan “Yashil yillik” umummilliy tadbirlari davomida tuproqqa qadalayotgan har tup niholning nafaqat ekilishi va ushbu ko‘chatlarning o‘z vaqtida sug‘orilib, betalofot ko‘karishi ham tuman hokimligi, sektorlar rahbarlari va boshqa mutasaddi tashkilotlarning qat’iy nazoratiga olingan.
A.Qayumov, O‘zA