Yashil taraqqiyot uchun kurashamiz
Jizzax shahri O‘zbekiston Ekologik partiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan mintaqaviy ekoforumga mezbonlik qildi. “Yashil taraqqiyot uchun kurashamiz” shiori ostida tashkil etilgan ikki kunlik ekoforum doirasida 10 dan ziyod tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Unda Sirdaryo, Samarqand va Jizzax viloyati partiya tashkilotlari vakillari, ekofaollar, deputatlar ishtirok etdi.
Forum ishi “O‘rda” ekologik bog‘ida start oldi. Unda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Abdushukur Hamzayev, viloyat hokimi o‘rinbosari Latifjon Ahmadjonov nutq so‘zlab, “Yashil iqtisodiyot”ning ahamiyati, zaxiralar qisqarishi sharoitida ekologik muammolarga yechim topish hayotiy zaruratga aylanib borayotgani to‘g‘risida so‘zladi. Tanishuv va rejalar taqdimotidan so‘ng ishtirokchilar avtobuslarda Jizzax viloyati O‘rmon xo‘jaligi tasarrufidagi ko‘chat yetishtirish plantatsiyasiga yo‘l oldi.
–Bu yerda viloyatimiz iqlimi uchun mos keladigan ko‘p yillik manzarali gul va daraxtlarni mahalliylashtirish, ko‘paytirish, payvandlash ustida izlanish olib boriladi, – dedi viloyat O‘rmon xo‘jaligi direktori Abdukarim Xolmatov. – Jumladan, lavanda, pavloniya, Qrim va Eldor qarag‘ayi, sadaqayrag‘och, qoratol, go‘zal katalpa, amorfa, jo‘ka, oq qayin kabi noyob o‘simlik turlari ko‘paytirilmoqda. Tajriba-sinov uchastkasida navda payvand qilish orqali qayrag‘ochning yangi navlari o‘stirilmoqda. O‘rmon xo‘jaligi “Yashil makon” loyihasi uchun ko‘chat yetishtirib beruvchi manba hisoblanadi. Joriy yilgi kuz mavsumi uchun 100 mingdan oshiq ko‘chatlar tayyorlanmoqda.
[gallery-13264]
G‘allaorol ixtisoslashgan davlat o‘rmon xo‘jaligida esa pistachilik tajriba stansiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Gigant pista navi hosildorlik va eksport uchun qimmatli mahsulotdir. Uning novdalari maxsus muzlatgichda boshqa viloyatlar o‘rmon xo‘jaligi uchastkalariga yetkazilib, respublika miqyosida ommalashtirish choralari ko‘rilmoqda.
– Yashil iqtisodiyot energetika sohasini isloh qilish, toza ichimlik suvi muammolari, oziq-ovqat xavfsizligi, qishloq xo‘jaligidagi innovatsiyalar, barqaror shaharlar, chiqindilarni oqilona boshqarish, o‘rmon hududlarini kengaytirish, cho‘llanishni qisqartirish kabi keng tarmoqli chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi, – deydi O‘zbekiston Ekologik partiyasi MKIQ raisi Abdushukur Hamzayev. – 2030 yilga qadar “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish konsepsiyasi Markaziy Osiyoda birinchi tashabbuslardan biri hisoblanadi. Ammo ilmiy yondashuv, davlat jamiyat ishtirokisiz bu tashabbusni belgilangan muddatda amalga oshirish mushkul. Bugungi ekoforum ham partiya tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, ekologik xavfsizlikni ta’minlashdagi ishtirokini ko‘rsatadi.
Shundan so‘ng ishtirokchilar Zomin milliy bog‘iga yo‘l oldi. Bu yerda atrof-muhit maishiy chiqindilardan tozalandi.
– Bunday ekoforum bunga qadar Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan bo‘lib, Jizzax viloyati tajribasi bilan tanishish maqsadida mintaqaviy tarzda tashkil etildi, – deydi Ekologik partiyaning Jizzax viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi Akrom Rahmonqulov. – Shuningdek, chiqindi muammosini bartaraf etish, ichimlik suvini asrash, daraxtlarni saqlab qolish kabi mavzulardagi ijtimoiy roliklar tanlovi o‘tkazildi. G‘oliblarga partiya va viloyat hokimligining sovg‘alari topshirildi.
Ikki kunlik ekoforum doirasida olimlar va ilmiy tadqiqotchilar tomonidan treninglar ham tashkil etildi.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA