“Yashil makon”da yangicha yondashuv: mahallalar roli kuchaytiriladi
Samarqand viloyatida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida joriy yil kuzgi mavsumda 11 million 355 ming tup ko‘chat ekish rejalashtirilmoqda. Har bir odam uchun 3 ta daraxt, 30 foiz daraxt soyasi, 300 metr atrofida yashil hudud bo‘lishini ta’minlashni nazarda tutuvchi “3 – 30 – 300” xalqaro standarti asosida mahallaning yashillik darajasi oshiriladi.
Davlatimiz rahbarining shu yil 23-sentabr kuni qabul qilingan “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda mahallalar rolini kuchaytirish va hududlarning yashillik darajasini tubdan oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mahallalarda qulay ekologik muhit yaratish, mavjud daraxtlarni muhofaza qilish va ekilgan ko‘chatlarning yashovchanligini oshirish, ko‘kalamzorlashtirish jarayonlarida ilm-fan, raqamli texnologiyalar hamda davlat, biznes va jamoatchilik hamkorligini kuchaytirishni nazarda tutadi.
– Kuzgi mavsumdan boshlab “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt ko‘chatlari ekish va hududlarni ko‘kalamzorlashtirish “3 – 30 – 300” xalqaro standarti asosida amalga oshiriladi, – deydi Samarqand viloyati ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Suhrob Ahmedjonov. – Bu har bir inson o‘z yashash yoki ish joyidan kamida 3 ta daraxtni ko‘ra olishi, mahalla, ko‘cha va shahar hududlarining kamida 30 foizi yashil maydon va daraxtzorlar bilan qoplangan bo‘lishi, har bir fuqaro yashil hudud, bog‘ yoki jamoat parkigacha 300 metrdan uzoq bo‘lmagan masofada yashil makonga ega bo‘lishini ifodalaydi. Bular shunchaki raqamlar emas, bu – inson salomatligi, ekologik barqarorlik va qulay shahar muhitini yaratishga qaratilgan yondashuv. Yangi tizim bosqichma-bosqich amalga oshirilib, 2030-yilgacha barcha mahallalarni qamrab oladi. Joriy yilda viloyatimizdagi har bir tuman va shahardan o‘ntadan mahalla tanlanib, namunaviy hudud sifatida ekish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshiriladi. Ko‘chat ekish 15 ta asosiy yo‘nalish bo‘yicha olib boriladi. Ya’ni fermer xo‘jaliklari va paxta-g‘alla klasterlari hududlarida himoya daraxtzorlari, dala chetlarida ihota daraxtzorlari yaratish, mahallalarni, maktab, bog‘cha, oliy ta’lim va tibbiyot muassasalarini ko‘kalamzorlashtirish, avtomobil va temir yo‘llar bo‘ylarini yashillashtirish, daryo, kanal, ariq va zovurlar bo‘ylariga daraxt ekish, sanoat korxonalari atrofida yashil belbog‘lar yaratish, chiqindi poligonlari atrofida himoya daraxtzorlari barpo etish, yangi tutzorlar tashkil etishni o‘z ichiga oladi. Bugungi kunda viloyatimizdagi o‘rmon xo‘jaliklari, ko‘chat yetishtiruvchi fermerlar va aholi tomorqalarida 14 million tupdan ortiq ko‘chat tayyorlangan.
Ekish – ishning boshlanishi, parvarish esa asosiy vazifa hisoblanadi. Shu bois 1-oktabrdan boshlangan tozalik va ozodalik dolzarb ikki oyligi doirasida dastlab, mahallalarda yashil hududlar joylashuvini aniqlash, yerlarni tayyorlash, suv manbalarini, ko‘chat va butalar zaxirasini yaratish choralari ko‘rilmoqda. 1-noyabrdan esa ko‘chat va butalarni ekish mavsumi boshlanadi. Samarqand viloyatida 10-noyabrdan boshlab ko‘chat ekishga kirishiladi.

– “Yashil makon” loyihasining kuz mavsumida Samarqand viloyatidagi mahallalarda 2 million 289 ming 100 tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish vazifasi belgilangan , – deydi O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i Isroil Jabborov. – Bu jarayonni tashkil etishda biz uchun asosiy mezon ekish hajmi emas, balki ko‘chatlarning ko‘karishi va kelgusi yillarda ham saqlanib qolishi hisoblanadi. Shu maqsadda ko‘chat ekish ishlari aniq manzillar, mas’ullar va parvarish choralari asosida tashkil etiladi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga alohida e’tibor qaratiladi. “Mahalla yettiligi” tomonidan har bir mahallada kambag‘al oilalarning xonadonlariga 20 tupdan, jami 4 ming tup, yakka yolg‘iz keksalarning xonadonlariga 10 tupdan, jami 1 ming 450 tup mevali daraxt ko‘chatlari yetkazib beriladi. “Mahalla yettiligi” a’zolari o‘zlariga biriktirilgan ko‘chalarda ariqlar bo‘yiga har biri 50 tupdan, jami 312 ming tup mevali va manzarali daraxtlar ekilishini tashkil qiladi. Viloyat bo‘yicha qariyb 127 mahallada mavjud “Mahalla bog‘lari”da qurib qolgan ko‘chatlar o‘rnida har biriga 50 tupdan, jami 6 ming 350 tupdan ortiq qo‘shimcha ko‘chat ekiladi. Shuningdek, 16 ta mahallada yangi “Mahalla bog‘i” tashkil qilinib, ularning har biriga 500 tupgacha, jami 8 ming tupdan ortiq mevali daraxt ko‘chatlari o‘tqaziladi.
Davlatimiz rahbari farmoni asosida 2027-yil 1-yanvardan “Yashil mahalla” loyihasi doirasida “Mahallani yashillashtirish” paketi joriy etilishi mahallalarni yanada obod etishga xizmat qiladi. Unga ko‘ra, ekologik jarimalarning 90 foiz qismi Mahalla jamg‘armasiga yo‘naltiriladi. Mahalla jamg‘armasi mablag‘larining kamida 30 foizi mahallani yashillashtirish xizmatlari (ko‘chat, o‘g‘it, sug‘orish)ga sarflanadi. Har bir mahallaga O‘rmon agentligi tomonidan o‘rmonchi-murabbiy xodim biriktiriladi va u har ekish mavsumi boshlanishidan oldin “mahalla yettiligi” uchun qisqa o‘quv kurslari tashkil etadi. “Yettilik” a’zolari mahalladagi ekish uchun bo‘sh maydonlar, suv manbalarini o‘rganib, “Mahallani yashillashtirish” paketi uchun buyurtmani shakllantiradi va ko‘rsatilgan xizmatlar hisobini yuritadi. Fuqarolarga ekish, sug‘orish, mulchalash, kompost tayyorlash, daraxtni parvarishlash, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish usullari to‘g‘risida ma’lumot berib boradi. Yer maydoni cheklangan mahallalarda, ko‘p kvartirali uylar oralig‘ida, maktab va bog‘chalar hovlilarida mahalla mikroo‘rmonlari tashkil etiladi. Bunda 200 – 1000 metr kvadrat maydonda har bir metr kvadratga kamida 2 ta daraxt va buta ko‘chatini (qatlamlab) zich ekish usuli qo‘llanadi. Yer ajratish imkoniyati bo‘lmagan yoki beton va asfalt qoplamali hududlarda jamoatchilik kichik bog‘lari tashkil etiladi. Bunda mahalliy hokimliklar va homiylar katta hajmli ko‘chat tuvaklarini o‘rnatadi, O‘rmon agentligi sifatli ko‘chat yetkazib beradi. Ko‘chatlarni ekish va parvarishlashga mahalla aholisi jalb etiladi.
Aholining yashil bog‘larni yaratish bo‘yicha talab va takliflarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2027-yil 1-yanvardan “Yashil lot” tizimi joriy etiladi. Bunda mahallalarda bo‘sh turgan yer uchastkalari jismoniy va yuridik shaxslarga shartnoma asosida nom berish orqali yashil bog‘ barpo etish uchun ajratiladi. Bu hududlardan faqat bog‘ yaratish maqsadli foydalaniladi hamda jismoniy va yuridik shaxslarga mulk sifatida o‘tkazilmaydi, ularda qurilish, konstruksiyalar o‘rnatish va boshqa faoliyat turlarini olib borish taqiqlanadi. Ushbu bog‘lardan aholi tomonidan umumiy foydalanilishi cheklanmaydi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Samarqandda yana bir ezgu tashabbus boshlandi. “Yashil va yorug‘ mahalla” tashabbusi asosida viloyatdagi 388 mahallada bog‘ yaratish, 169 mahallada quyosh panelli 4400 ta tungi chiroq o‘rnatish, daraxtlar atrofini beton va boshqa to‘siqlardan tozalash ishlari amalga oshiriladi. Ayni paytda mahallalar aholisi, homiylar yordam bilan bu yumushlarga kirishilgan.
G‘olib Hasanov, O‘zA muxbiri