“Yashil makon”: xayrli ishlar ko‘lami kengaymoqda
Mamlakatimizda tabiiy ekotizimni saqlash va tiklash, tabiiy kapitalni ko‘paytirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Buni Navoiy viloyatida olib borilayotgan obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari misolida ko‘rish mumkin.
– Navoiy viloyatida 2021 yil noyabr-dekabr oylarida avtomobil yo‘llari, fermer xo‘jaliklari dalalari, korxona va tashkilotlar hududlari, mahallalarda 5,3 million tup daraxt ko‘chatlari ekildi, – deydi Navoiy viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Razzoqov. – Joriy yil bahorida bu ish davom ettirilib, yana ko‘plab ko‘chat ekilishi rejalashtirilgan.
Navoiy viloyati o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi, qishloq xo‘jaligi klasterlari, shuningdek, ko‘chat tayyorlashga ixtisoslashgan fermer va dehqon xo‘jaliklari tomonidan qurg‘oqchil iqlimga chidamli daraxt ko‘chatlari shartnoma asosida yetkazib berilmoqda. Ushbu maqsadlar uchun byudjet mablag‘lari, shuningdek, korxona, tashkilot va tadbirkorlik subektlari tomonidan 24,2 milliard so‘m yo‘naltirildi. Shuningdek, viloyatdagi ipakchilik klasterlari tomonidan 40 ming tupdan ortiq tut ko‘chatlari yetkazib berildi.

Natijada Karmana tumanidagi Xazora qishlog‘i hududida tomchilatib sug‘orish usulidan foydalangan holda 20 gektar maydonda tutzor barpo etildi. Bundan tashqari, viloyatning cho‘l hududlari hisoblangan Tomdi, Uchquduq va Konimex tumanlarida yashil qoplamalarni barpo etib qum va chang bo‘ronlarining oldini olish maqsadida Davlat o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan 61 ming gektarda saksovul urug‘lari ekilishi ta’minlandi. Ushbu maydonlar uchun talab etiladigan 244 tonna saksovul urug‘liklaridan 72 tonnasi Qoraqalpog‘iston Respublikasidan keltirildi.
bugungi kunda viloyatda daraxt va buta ko‘chatlari yetishtirishga ixtisoslashgan 23 ta oilaviy fermer xo‘jaliklari faoliyat yuritmoqda.
– Konimex tumanidagi Sho‘rtepa mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi N.Changboyev va U.Turimov o‘z tomorqasida jami 25 ming tup yong‘oq, bodom, uzum ko‘chatlari yetishtirmoqda, – deydi viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Xayrulla Baqoyev. – Shuningdek, Xatirchi tumani “Xatirchi kelajagi” fermer xo‘jaligida 130 gektar, shundan 100 gektarida tok ko‘chatlari, 30 gektarida 20 ming donadan ortiq mevali daraxtlar ekilib, tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilingan. Nurota tumanidagi “Nurota ko‘hna bog‘lari” fermer xo‘jaligi tomonidan esa 108 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilinib, tok, mevali va manzarali ko‘chatlar ekilmoqda.

Ko‘chat ekish ishlarini samarali tashkil etish uchun tumanlar hokimliklari tomonidan kam ta’minlangan aholi xonadonlariga 160 ming. donadan ortiq manzarali va mevali daraxtlar bepul tarqatilib ekilishi ta’minlandi. Sug‘orishda muammoli hududlarda 377 kilometr tarmoq aniqlanib ta’mirlash-tiklash ishlari olib borilmoqda. Nosozliklarni bartaraf etish uchun 268 gektar maydonda 48 ta quduq qazish, 92 kilometr qo‘shimcha sug‘orish kanallari qazish, qo‘shimcha tomchilatib sug‘orish tizimlari va 17 ta sug‘orish nasoslarini o‘rnatish belgilab olindi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, ayni paytda manzarali va mevali ko‘chatlar ekiladigan hududlarda 64 ta to‘g‘ri quduq qazilgan. Qo‘shimcha 180 kilometr ariq yotqizilib, 39 ta sug‘orish nasosi o‘rnatilgan. 99 kilometr suv quvurlari va o‘nta nosoz nasos agregatlari ta’mirlangan. 32,5 kilometr ariqlar tozalangan. Prezidentimizning 2021 yil 30 dekabrdagi “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmonida “yashil bog‘lar” va “yashil jamoat parklari” ni tashkil etish va saqlash bo‘yicha vazifalar belgilab berilgan. “Yashil bog‘lar” tashkil etish uchun Navoiy viloyatida 120,8 gektar maydonda o‘n sakkizta, umumiy maydoni 48 gektar bo‘lgan “yashil jamoat parklari” uchun o‘n yettita joy tanlab olingan.

– Navoiy shahrining “Yoshlik” mahallasi hududida 2,5 gektar maydon ajratilib, 3 mingdan ortiq qimmatbaho manzarali daraxtlar ekildi, – deydi shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i Nodir Murodov. – “G‘alaba” mahallasi hududida esa bir gektar maydonda jamoat parki tashkil qilinib 1,5 ming dona qimmatbaho manzarali ko‘chatlar ekildi. Shuningdek, “Yoshlik” mahallasi Tarobiy ko‘chasida, “Ma’rifat” mahallasi “Vatanparvar” ko‘chasida jami 2,1 kilomter masofada “Chinni gujum” ko‘chasi tashkil qilinib, hududga 5200 tupdan ortiq chinni gujum ko‘chatlari ekildi. Ularni sug‘orish maqsadida esa 2 dona tik quduq qazildi. Joriy yil bahor faslida bu ishlar davom ettirilib, mahalliy iqlim sharoitiga mos mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan.
bugungi kunda tumanlardagi o‘rmon va oilaviy ko‘chatchilik xo‘jaliklarida 4,5 million dona turli xildagi daraxt ko‘chatlari parvarish qilinmoqda. Kelgusida viloyatda daraxt ko‘chatlariga bo‘lgan talabni qondirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, aholining band bo‘lmagan qismini ko‘chatchilik sohasiga jalb qilish maqsadida har bir tuman hududida 5 gektardan kam bo‘lmagan ko‘chatxonalarni tashkil qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA