Joriy yilda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 200 mln tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish, 257ta yashil bog‘lar barpo etish, respublikada yashillik darajasini 14.1 foizga yetkazish, 112ta sanoat korxonalari atrofida “yashil belbog‘”lar tashkil etish uchun o‘rmon xo‘jaligi sohasida barcha zaruriy chora-tadbirlar belgilanib, bu boradagi ishlar rejali amalga oshirib kelinmoqda.
Eng avvalo nihol va ko‘chat yetishtirishga alohida e’tibor qaratilib, barcha o‘rmon xo‘jaliklarida 126 mln tup ko‘chat yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. O‘rmon xo‘jaligi ilmiy tadqiqot instituti bilan birgalikda ko‘chatchilikni rivojlantirish, jumladan, onalik plantatsiyalarini barpo etish, genetik xususiyatni o‘zida saqlagan urug‘larni ko‘paytirish hamda urug‘chilik genbankini yaratishga asosiy urg‘u berilayotir.
- Davlatimiz rahbari tomonidan boshlangan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har yili 200 mln tup ko‘chat o‘tqazish belgilab olingan, - deydi O‘rmon xo‘jaligi agentligi bosh mutaxasisi Davron Ravshanov. – Shundan bahorgi mavsumda 125 mln va kuzgi mavsumda 75 mln tup mevali va manzarali ko‘chat ekish belgilangan. Bugungi kunga kelib 125 mln bahorgi rejamizdan 123 mln ko‘chat ekilib, “Yashil makon” elektron platformasiga kiritildi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan Orolbo‘yi va boshqa cho‘l hududlarda 250 ming gektar “yashil qoplama”lar, cho‘lva tog‘oldi hududlarida 2700 gektar maydonda himoya o‘rmonzorlari barpo etiladi.
Xorijlik hamkorlar bilan amaliy tajribani yo‘lga qo‘ygan holda Xitoyning Shing-jang universiteti bilan Nukus, Arnasoy, Qorako‘l, Muborak tumanlarida suvsiz va sho‘rga chidamli 4 ta galofit bog‘lari barpo etiladi. “Mening bog‘im” loyihasi doirasida 208 ta shahar va tumanlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida “Yashil bog‘lar” va “Yashil jamoat parklari” barpo qilinadi.
Hokimliklar, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Fermerlar kengashi bilan barcha ko‘chat yetishtiruvchi sub’ektlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, ularga biriktirilgan yer maydonlaridan maqsadli foydalanish holati va mavjud ko‘chatlar zaxirasi o‘rganib chiqiladi.
Hozirgi kunda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi bilan hamkorlikda daraxt va buta ko‘chatlarini o‘simliklar zararkunandalari va kasalliklardan himoya qilish chora-tadbirlari olib borilmoqda. Mahalliy hokimliklar bilan birgalikda o‘rmon fondi yerlariga 14 mln 24 ming dona mevali, manzarali daraxt va butalarning ko‘chat va qalamchalari ekiladi. Respublikamizdagi 1024 ta og‘ir mahallalarga 1 mln dona ko‘chat yetkazib berilmoqda.
“Yashil makon” umummilliy loyihasining manzilli investitsiya dasturi doirasida qiymati 200 mlrd so‘mlik ob’ektlar barpo etilishi va foydalanishga topshirilishi bevosita muvofiqlashtirilib boriladi.
“Obod mahalla” dasturiga asosan obodonlashtirish ishlari olib borilayotgan barcha mahallarga ularning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, ko‘chatlar yetkazib berish yo‘lga qo‘yiladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/L1r7YAsF8-w" title="“Yashil makon” umummilliy loyihasining tabiatga ijobiy taʼsiri sezilyapti" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘rmonchilik sohasidagi tadbirlarning ijtimoiy samaradorligini ta’minlash maqsadida 20 ming gektar o‘rmon fondi yerlarida o‘rmonlar, ko‘chatxonalar tashkil etish va dorivor o‘simliklar yetishtirish hisobiga 10 ming nafardan ziyod kambag‘al oilalar a’zolarini ish bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. Aytish kerakki bugungi kunga qadar 2007 ta kambag‘al oilaga 3151.6 gektar yer maydoni ajratib berildi.
Dorivor o‘simliklar yetishtirish imkoniyati katta bo‘lgan Baxmal, Pop va Yakkabog‘ tumanlarida kambag‘al oilalar ishtirokida dorivor o‘simliklar yetishtirishga ixtisoslashgan kooperativlar tashkil etildi.
Sanjar Toshpo‘latov, Nishonboy Abduvoyitov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA