“Yashil makon” loyihasining kuzgi mavsumi boshlandi
Yurtimizda ko‘kalamzorlashtirish, daraxt va butalarni muhofaza qilish, yashil maydonlarni kengaytirish choralari ko‘rilmoqda. Namangan viloyatida Prezidentimiz tashabbusi bilan ilgari surilgan "Yashil makon" umummilliy loyihasining joriy yildagi ikkinchi – kuzgi mavsumiga start berildi.
Davlatimiz rahbari raisligida 2022 yil 11 oktyabr kuni mahallalarni obod qilish va aholini o‘ylantirayotgan masalalarni hal etish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida hududlarni ko‘kalamzorlashtirish masalasiga ham e’tibor qaratildi. Xususan, o‘tgan yilgi tajribadan kelib chiqib, 20 oktyabrdan 1 dekabrgacha ko‘chat ekish bo‘yicha “Dolzarb 40 kunlik” e’lon qilindi.
Yangi Namangan tumanining Bunyodkor mahallasi “Mustaqillikning 10 yilligi” ko‘chasida boshlangan daraxt ekish tadbirida Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi sektor rahbarlari, korxona va tashkilotlar mutasaddilari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Shu kunning o‘zida, mahalla ko‘chalariga 600 tup pavlovniya va 300 tup katalpa daraxtlari ekildi.
Mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish uchun mahalliy byudjetdan 7 milliard 849 million 500 ming so‘m ajratilgan bo‘lib, bahor mavsumining o‘zida 9 million 692 ming dona ko‘chat ekildi va ular “Yashilmakon.eco” elektron platformasiga kiritilib, daraxtlarni sug‘orish va parvarishlash uchun barcha hududlarda mas’ullar biriktirildi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekilgan daraxt ko‘chatlarini sug‘orishga 16,8 kilometr sug‘orish tizimlari joriy qilindi.
[gallery-9224]
– Prezidentimizning 2021 yil 30 dekabrdagi tegishli farmoniga asosan, viloyatning shahar va tumanlarida 33,7 gektar maydonda “Yashil bog‘lar” barpo etish belgilangan bo‘lib, hozirda 32,8 gektar maydonda bog‘ bunyod qilindi, – deydi Namangan viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i A’zamjon Jalilov. – Qolaversa, Davlatobod tumanida 68 gektardan iborat “Yangi O‘zbekiston” bog‘i barpo etilmoqda.
2022 – 2024 yillarda viloyatda 63,2 gektar maydonda “Yashil jamoat parklari”ni tashkil etish rejalashtirilib, hozirgi kunda Mingbuloq, To‘raqo‘rg‘on va Pop tumanlarida 11,5 gektar maydonda “Yashil jamoat parklari” yuzaga keldi. Qolgan tumanlarda esa joriy yil kuz va kelasi yil bahor mavsumida 51,7 gektar maydonda ana shunday bog‘lar barpo bo‘ladi.
– “Yashil Makon” umummilliy loyihasi doirasida e’lon qilingan “Dolzarb 40 kunlik”dagi savobli ishda mahallamizning 16 ta ko‘cha faollari bilan qatnashdik, – deydi Namangan shahrining Yangi Namangan tumanidagi “Chamanzor” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, “Shuhrat” medali sohibasi Mahmudaxon Nasriddinova. – Biz ham hududdagi bo‘sh yerlar – soy bo‘ylarida, aholi xonadonlarida foydalanilmayotgan tomorqalarda pavlovniya daraxtini ekmoqchimiz.
Ma’lumot uchun, “Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi mavsumida Namangan viloyatida 5 million 774 ming dona manzarali, mevali daraxt va buta ko‘chatlari, qalamchalari ekish rejalashtirilgan. 2023 yil bahor mavsumida esa ular 9 million 623 ming donaga yetkaziladi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA