«Yashil makon» loyihasi doirasida daraxtlar soni ortmoqda
Urganch davlat pedagogika instituti akademik litseyi hududida rektor Feruza Madrahimova boshchiligida 900 tupga yaqin mevali va manzarali daraxtlar ekildi.
Jumladan, «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida shaftoli, behi, olma, gilos, archa hamda boshqa turdagi daraxt va butalar yerga qadaldi.

Ushbu faslda loyiha doirasida hozirga qadar 600 ga yaqin mevali va manzarali daraxtlar, shuningdek, butalar ekilgan edi.

Shuningdek, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi professor-o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilari, tinglovchilar va kursantlardan tarkib topgan jamoa akademiyaning yangi o‘quv binosi hududida 300 tupdan ortiq pavlovniya manzarali daraxt ko‘chatlarini ekdi.

– Ko‘chat ekayotgan insonning hayotni sevishiga, farzand-u nabiralarini yaxshi ko‘rishiga ishonaman, – deydi akademiya professori Hoshimjon Do‘smatov. – Bundan ham muhimi, ko‘chat qadayotgan odam eng avvalo, Vatanini sevadi. Uning go‘zal tabiatini qadrlaydi.
Ko‘chat ekish ishlari davom etmoqda.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA