“Yashil makon” loyihasi – amalda
Oqoltinga Farg‘onadan 15 ming tup daraxt ko‘chati olib kelindi.
Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2021 yil kuz va 2022 yil bahor mavsumlarida hududlarga manzarali, mevali daraxt, buta va tut ko‘chatlarini ekish, talab etiladigan ko‘chatlarni belgilangan tartibda yetkazib berish ishlari yo‘lga qo‘yildi.

Hududning iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda kashtan, katalpa, shumtol, qayrag‘och, pavloniya, terak, chinor, tut, jiyda va boshqa daraxt ko‘chatlari ekish rejalashtirilgan bo‘lib, “Dolzarb 40 kunlik” e’lon qilingandan buyon tumandagi tashkilot-korxona va muassasalar, fermer xo‘jaliklari dala maydonlari chetiga va aholi xonadonlariga yuz ming tupdan ziyod mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.
Shuningdek, ko‘chat yetishtirish borasida ilg‘or tajribaga ega bo‘lgan Farg‘ona viloyatidan 15 ming tupdan ziyod daraxt ko‘chati olib kelinib, hududlarga tarqatildi.
*****
Yangiyerda “dolzarb 40 kunlik” avjida

Ko‘chat ekib, bog‘ yaratish – xalqimizning azaliy qadriyatlaridan biri. Zero, o‘zimiz yashab turgan joyni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish tufayli ko‘nglimiz shodlikka to‘ladi, turmushimiz fayzli va farovon bo‘ladi.
Ayni chog‘da bog‘lar, ko‘chalar va yo‘l yoqalarida yashnab turgan daraxtlar tevarak-atrofga ko‘rk berishi barobarida, havo musaffoligini ta’minlab, dasturxonimizni shirin-sharbat mevalar bilan to‘ldiradi.
Shu kunlarda yurtimizdagi barcha tashkilot, muassasa va korxonalar xodimlari tomonidan xududlarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, ko‘chat ekish ishlari uyushqoqlik bilan olib borilmoqda. Ushbu «Dolzarb 40 kunlik”da Sirdaryo viloyati Yangiyer tumani aholisi ham barchaga ibrat bo‘lib, shahar hokimidan tortib, mahalla fuqarolarigacha faol ishtirok etmoqda. Ular o‘z yashash hududlariga mevali, manzarali daraxtlar va gul ko‘chatlarini o‘tqazib, parvarishlash ishlarini yo‘lga qo‘ydi.
– Shahrimizning har bir fuqarosi bittadan ko‘chat ekkanda shahrimiz qiyofasi yanada ko‘rkam va go‘zal bo‘ladi, – deydi Yangiyer shahar hokimi Elyor Xo‘jayev. – Bunday sa’y-harakatlardan ko‘zlangan asosiy maqsad, xalqimizga xos ezgu fazilatlarni qadrlash, ezgulikni yoshlar qalbiga singdirish, qishloq va shaharlar, mahallalarni ko‘rkam ko‘rinishga keltirishdan iborat.
Sh.Suyarov,
F.Toshmatov (surat), O‘zA