«Yashil makon» bunyodkorlarining mehnati e’tirof etildi
O‘rmonzorlar tuproq tarkibini mustahkamlaydi, eroziyaning oldini oladi. Shuning uchun cho‘l hududlarida o‘rmonzorlar barpo etish bugunning dolzarb masalasidir.
Bugunga qadar O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan 2 million 55 ming gektar yer maydonida o‘rmon barpo etildi. Hozirgi kunda o‘rmon fondi yerlarining umumiy maydoni 12 million gektarni tashkil etmoqda.
Respublikamizda o‘rmon xo‘jaligi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq, har yili «Xalqaro o‘rmonchilar kuni» arafasida mamlakatimiz o‘rmon xo‘jaligi sohasini rivojlantirish, o‘rmonlarni muhofaza qilish, saqlash va ko‘paytirish, ulardan oqilona foydalanish borasida salmoqli natijalarni qo‘lga kiritayotgan fuqarolar taqdirlanishi belgilangan.

Mazkur vazifalardan kelib chiqib, o‘rmonchilik sohasida ko‘p yillar davomida halol va samarali mehnat qilgan faxriylarimiz hamda hozirgi kunda oramizda bo‘lmagan soha mutaxassislari o‘z mehnati bilan avlodlarga qoldirgan savobli ishlari uchun «O‘rmon xo‘jaligi fidoyisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Poytaxtimizda tashkil etilgan tadbirda «O‘rmon xo‘jaligi fidoyisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlanuvchilar, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining markaziy apparati xodimlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasining O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi, viloyat va tuman hududiy boshqarma mutaxassislari ishtirok etdi.
- Ekologik talafotlarning oldini olishda yagona yo‘l, bu - o‘rmonzorlarni va yashil hududlarni kengaytirish, - deydi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi bosh mutaxassisi Dilrabo Boboyeva. - O‘rmon xo‘jaligi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq, har yili «Xalqaro o‘rmonchilar kuni» arafasida soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan xodimlar taqdirlanishi belgilangan. O‘ylaymanki, jonbozlik ko‘rsatib kelayotgan hamkasblarimiz har qanday e’tirofga munosibdir.
Tadbir so‘nggida taqdirlanganlarga esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA