Xalqimiz orasida “Umringdan bir kun qolsa ham ko‘chat ek”, degan naql bor. Ota-bobolarimizdan meros bo‘lib qolgan ko‘chat ekish, bog‘u gulzorlar yaratish borasidagi qadriyatlar yangi ma’no-mazmun bilan boyitilib, keng miqyosda davom etmoqda.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yurtimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasiga asos solindi. Mazkur harakat natijasida har yili millionlab tup daraxt nihollari ekilmoqda.
2025 yilda ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida “yashil loyihalar”ni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasida bu borada takliflar kiritilgan.
Unga ko‘ra, loyihalarda suv va xomashyolardan samarali foydalanish, havo va tuproq sifatini yaxshilash, barqaror qishloq va o‘rmon xo‘jaligi, ekoturizm, yashil transport, yashil binolar, qayta tiklanuvchi energiya va energiya samaradorlikni oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Loyihalarning amaliyotga tatbiq etilishi
Taklifda 2025 yildan boshlab shakllantiriladigan investitsiya dasturlari, tarmoq, sohalar va hududlarni rivojlantirish bo‘yicha yangi loyihalarning 10 foizi, 2027 yildan boshlab 25 foizi, 2030 yildan boshlab esa 50 foizi “yashil komponentlar” bo‘lishi kerakligi ta’kidlangan. Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ishlab chiqiladigan uglerod neytralligiga erishish, iqlim o‘zgarishiga moslashish, atrof-muhitni asrash, yashillik darajasini oshirish va “yashil loyihalar”ni amalga oshirishga qaratilgan “yashillik dasturlari” Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlanadi.
Qolaversa, har yili davlat organlari va ijtimoiy ob’ektlarning atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish, resurslardan oqilona foydalanish va “yashil texnologiya”larni joriy qilish bo‘yicha ekologik reyting yuritib boriladi.
Dolzarbligi
Respublikada iqlim o‘zgarishi oqibatida ob-havoning keskin ko‘tarilishi, muzliklarning degradatsiyasi, chang bo‘ronlari sonining ko‘payib borishi, tuproq sho‘rlanishi, sel oqimlarining paydo bo‘lishi, qurg‘oqchilikka duchor bo‘layotgan yer maydonlarining oshishi va boshqa omillar salbiy tabiiy hodisalarga sabab bo‘lmoqda.
Sanoat ishlab chiqarish, energetika, qurilish, transport, qazilma boyliklarni qazib olib qayta ishlash va iqtisodiyotning boshqa sohalarida amalga oshirilayotgan investitsiya dasturlari, tarmoq, sohalar va hududlarni rivojlantirish bo‘yicha yangi loyihalar, issiqxona gazlarining tashlanishi oqibatida iqlim o‘zgarishiga ta’sir o‘tkazib kelinmoqda.
Respublikada havo haroratining o‘rtacha o‘sish sur’ati har 10 yilda 0,29 darajani tashkil etgan, bu ko‘rsatkich global isish tezligidan 2 barobarga yuqori. Global iqlim o‘zgarishi natijasida Markaziy Osiyoda so‘nggi 50-60 yil davomida muzliklar maydoni taxminan 30 foizga qisqargan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2050 yilgacha Sirdaryo havzasida suv resursi 5 foizga, Amudaryo havzasida 15 foizgacha kamayishi kutilmoqda.
O‘zbekistonda 2015 yilgacha bo‘lgan davrda suvning umumiy taqchilligi 3 milliard kub metrdan ortiqni tashkil qilgan bo‘lsa, 2030 yilga borib 7 milliard kub metrni, 2050 yilga borib esa 15 milliard kub metrni tashkil qilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi 1993 yildan buyon BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konvensiyasining a’zosi hisoblanib, ushbu Konvensiyaning Parij bitimi 2017 yilda imzolangan. 2018 yilda ratifikatsiya qilinib, issiqxona gazlari tashlamalarini 2030 yilga qadar 2010 yildagi darajadan YAIM birligiga nisbatan 35 foizga qisqartirish majburiyatini olgan.
Issiqxona gazlari tashlanmalarining 76,3 foizi energetika, 17,8 foizi qishloq xo‘jaligi, 4,5 foizi sanoat, 1,4 foizi chiqindilarni boshqarish sohalariga to‘g‘ri keladi. O‘zbekistonning dunyo bo‘yicha issiqxona gazlari tashlanmalaridagi ulushi 189 million tonna yoki 0,3 foizni tashkil etadi.
Qanday foyda beradi?
"Yashil loyihalar"ning amalga oshirilishi natijasida iqlim o‘zgarishiga moslashish va uning oqibatlarini yumshatish, shuningdek, “yashil” iqtisodiyotga o‘tishga ko‘maklashishga erishiladi. Suv, havo va tuproq sifati ta’minlanadi. Davlat organlari va ijtimoiy ob’ektlarning ekologik reytingi yuritilishi esa har bir rahbar va фуқароning o‘zi mas’ul bo‘lgan hududda atrof-muhitni asrashdagi daxldorlik hissi va mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA