“Yashil” iqtisodiyotga o‘tish yo‘lida yana bir muhim tashabbus (+video)
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida barpo etilgan 20 MVt quvvatga ega “Chorbog‘” shamol elektr stansiyasi ishga tushirildi.
Stansiyaning tantanali ochilish marosimida ishtirok etgan mutaxassislar loyihaning ahamiyati, texnik imkoniyatlari va mamlakat energetika tizimidagi o‘rni haqida O‘zA muxbiriga intervyu berdi.
Ayubxon Musulmonqulov – “O‘zbekgidroenergo” AJ yetakchi mutaxassisi:
– So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar tobora mustahkamlanib bormoqda. Ayniqsa, bu jarayonda “yashil” energetikani rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan loyihalarni alohida ta’kidlash lozim.
Mazkur loyihaning umumiy quvvati 20 megavatt bo‘lib, to‘rtta shamol elektr stansiyasidan iborat. Har bir stansiyaning quvvati 5 megavattni tashkil etadi. “Chorbog‘” shamol elektr stansiyasi Xitoy Xalq Respublikasi grant mablag‘lari asosida 28 million dollarga qurib bitkazildi. Qurilish ishlari 2025-yil iyul oyida boshlangan bo‘lib, 2026-yil 20-avgust kuni stansiya foydalanishga topshirildi.
Qurilish jarayonida “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan zarur tashkiliy, texnik va muhandislik ishlari amalga oshirildi. Stansiya yiliga o‘rtacha 50 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Bu quvvat 20 mingga yaqin xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini beradi.
Loyiha Xitoy tomonidan zamonaviy texnologiya va uskunalar asosida amalga oshirilgan. Qayta tiklanuvchi energiya manbasidan foydalanish esa ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarish, atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish va mamlakatda “yashil” energetikani rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi.
Byansyuy Li – “TBEA” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi:
– Ikki mamlakat o‘rtasidagi ishonchli hamkorlik O‘zbekistonda “yashil” energetikani rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.
“Chorbog‘” shamol elektr stansiyasi loyihasi Xitoy hukumati tomonidan ishlab chiqilgan va moliyalashtirilgan. Shu bilan birga, mahalliy mutaxassislarni o‘qitish va ularning malakasini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Biz ham ushbu loyihani O‘zbekiston hukumati ko‘magida muvaffaqiyatli amalga oshirdik. Uning samaradorligi avvalgi loyihalarga nisbatan ancha yuqori. Ishonamanki, mazkur tashabbus O‘zbekiston energetika sohasining barqaror rivojlanishiga, eng muhimi, mamlakat va uning xalqi farovonligiga xizmat qiladi.
Rustam Ergashev – “Chorbog‘” shamol elektr stansiyasi ekspluatatsiya boshlig‘i:
– Mazkur shamol elektr stansiyasi to‘rtta shamol generatoridan iborat bo‘lib, har birining quvvati 5 megavattni tashkil etadi. Shamol generatorlarining umumiy balandligi 105 metrni, parraklarining uzunligi 90 metrni, aylanish diametri esa 183 metrni tashkil etadi.
Generatorlar shamol yo‘nalishini avtomatik ravishda aniqlab, unga mos ravishda joylashadi. Shamol tezligi 3 metr/sekundga yetganda generatorlar avtomatik tarzda ishga tushadi va tezlik ortishi bilan ishlab chiqariladigan quvvat ham oshib boradi.
Stansiyada ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi O‘zbekistonning yagona energetika tizimiga uzatiladi.
Shamol generatorlarining asosiy afzalligi shundaki, ular hech qanday yoqilg‘i talab qilmaydi. Elektr energiyasi shamol kuchidan foydalangan holda ishlab chiqariladi. Bu esa shamol energetikasini ekologik toza va qayta tiklanuvchi energiya manbasiga aylantiradi.
Hozir biz shamol elektr stansiyasining boshqaruv markazida turibmiz. Bu yerdan kompyuter tizimi orqali barcha generatorlar va elektr uzatish liniyalari kuzatiladi hamda nazorat qilinadi. Shuningdek, stansiya hududidagi videokuzatuv tizimlari orqali ob’ektlarni vizual nazorat qilish imkoniyati mavjud.
Shamol generatorlari to‘liq avtomatik tarzda ishlaydi. Shamol tezligi oshganda ular hech qanday qo‘shimcha buyruqsiz ishga tushadi, tezlik pasayganda esa avtomatik ravishda to‘xtaydi.
Umamun olganda, “Chorbog‘” shamol elektr stansiyasining ishga tushirilishi yurtimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish ko‘lamini kengaytirish va energetika tizimida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish borasidagi muhim loyihalardan biridir. Mazkur tashabbus “yashil” energetika salohiyatini oshirish barobarida, mamlakatning “yashil” iqtisodiyotga o‘tish jarayonini yanada jadallashtirishga xizmat qiladi.
Nasiba Ziyodullayeva,
Yoqubjon Meliboyev,
Anvarxo‘ja Ahmedov (video+montaj),
O‘zA