Mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan 2025 yil respublikamizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”, deb belgilandi. Uning zamirida ona tabiatning musaffoligini oshirish va kelajak avlodga bekamu ko‘st yetkazishdek ezgu g‘oya o‘z ifodasini topgan.

Atrof-muhit musaffoligini tiklash insoniyat bugungi kunda ro‘baro‘ turgan eng tashvishli muammolardan biri bo‘lib, atmosferaga chiqarilayotgan zararli gazlar miqdorini kamaytirishga qaratilgan Parij bitimi ishlab chiqilganiga 2025 yilda o‘n yil bo‘ladi. 2016 yildan e’tiboran kuchga kirgan ushbu hujjat dunyoning 195 mamlakati tomonidan ma’qullanib, 175 davlat uning tadbirlari doirasida ish olib bormoqda. 2021 yilda O‘zbekiston mazkur bitim doirasida atmosferaga chiqarayotgan is gazlar miqdorini 2030 yilga qadar 30 foizgacha kamaytirish majburiyatini o‘z zimmasiga olib, uch yildirki unga ko‘ra “yashil” iqtisodiyotga o‘tish maqsadida qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish ko‘rsatkichlarini keskin oshirish ustida ish olib bormoqda.
Aslida “yashil” iqtisodiyot ko‘lamini kengaytirish vazifalari ancha ilgariroq kun tartibiga chiqib, yashillikka burkangan Yevropa mamlakatlari yangi asrimiz boshlaridayoq uni insoniyatni muqarrar halokatdan asrovchi yagona yo‘l sifatida tanlagan edi. Binobarin cho‘llanish ko‘lami yil sayin oshib borayotgan mintaqamiz taqdirida ham “yashil” iqtisodiyot iqlim tahdidlarini jilovlashning ustuvor yo‘nalishi sifatida topilib, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish ko‘rsatkichlarini keskin oshirish vazifalari belgilangan. Shu maqsadda 2030 yilga kelib qayta tiklanuvchi energiya manbalarini 25 ming mega vattga, jami iste’moldagi ulushini esa 54 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan. Kezi kelganda ta’kidlash joiz, bugun mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 10 foizdan ortig‘igina qayta tiklanuvchi energiya manbalarining hissasiga to‘g‘ri keladi.
Respublikamizda neft, gaz, ko‘mir yoqish yordamida har yili yalpi ichki mahsulotning kamida 4,5 foizini boy berayotganligini inobatga olsak, “yashil” iqtisodiyot nainki ekologik, balki iqtisodiy jihatdan ham o‘ta samarador yo‘l ekanligi oydinlashadi. Shu ma’noda yaqinda davlatimiz rahbari tomonidan qiymati 7,2 milliard AQSH dollarlik, quvvati 4,4 GVt tashkil etuvchi 24 ta loyiha, jumladan, 3,7 milliard dollarlik 18 ta yangi quvvatni ishga tushirish va navbatdagi 6 ta loyiha qurilishiga start berilishi tarixiy voqea, desak mubolag‘a emas. Boisi ushbu yangi loyihalar tufayli yaqin istiqbolda qo‘shimcha 9,5 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarishga erishilib, 2,5 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi, 4,6 million tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinadi. Boshqacharoq aytsak, mamlakatimizdagi xonadonlarning qariyb qirq foizi toza elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlanishiga erishish bilan birga iqtisodiyotning turli tarmoqlarida qariyb 4 milliard dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratish imkoniga ega bo‘lamiz.
Bugungi kunda Navoiy viloyati elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha respublikamizda yetakchi hududlardan biri hisoblanadi. Aholi, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji kun sayin oshib bormoqda, desak zarracha mubolag‘a emas. Tabiiyki, mazkur ehtiyojni qanoatlantirish maqsadida so‘nggi yillarda viloyatda yirik loyihalar amalga oshirilib, elektr energiyasi ishlab chiqishda energiya resurslarni tejash hamda atmosferaga is gazi chiqarilishining oldini olish yo‘lida qayta tiklanuvchi hamda yashil energiya manbalaridan keng foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Respublikada birinchi bo‘lib Karmana tumanida 100 MVtli quyosh stansiyasi barpo etilib, foydalanishga topshirilganligi fikrimizning yorqin dalilidir. Shuningdek, Tomdi tumanida quvvati 500 MVtli shamol elektr stansiyasi qurilishi davom ettirilib, bugungi kunda ishga tushgan qismi orqali oyiga 110 million kVt/soat elektr energiyasi iste’molchilarga yetkazib berilmoqda. Shu kabi yashil energiya va qayta tiklanuvchi energiya manbalari loyihalarini yaqin istiqbolda amaliyotga tatbiq etish orqali viloyat bo‘yicha 21 MVt quvvatdagi quyosh panellarini o‘rnatish evaziga qo‘shimcha 45 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Biz yuqorida “yashil” energetika nafaqat ekologik balki iqtisodiy jihatdan ham samarador yo‘nalish ekanligini ta’kidladik. Mazkur yo‘nalishda yirik loyihalar bilan bir qatorda yuridik shaxslar, tadbirkorlik sub’ektlari hamda jismoniy shaxslar tomonidan ham o‘zlari tashabbus bildirgan holda quyosh panellari o‘rnatilib, daromadga olishga erishilmoqda.
Misol uchun, Navoiy davlat universitetida 530 kVt quyosh panellari o‘rnatilib, o‘z ehtiyojidan ortgan 100 ming kVt /soat elektr energiyasini tizimga sotish orqali 100 million so‘m qo‘shimcha daromadga erishildi. Shuningdek, Navoiy shahridagi tadbirkorlik sub’ektlaridan biri “NAVPROMLITMASH” MCHJ 100 kVt li quyosh panellarini o‘rnatib, o‘z ehtiyojining 50 foizi, ya’ni 98 ming kVt/soat elektr energiyasini ular orqali qoplab kelmoqda.
Bu kabi misollarni o‘nlab tadbirkorlik sub’ektlari, dehqon va fermer xo‘jaliklari, issiqxonalar faoliyatidan davom ettirish mumkin. Umuman olganda 2023 yil hisob-kitobi bo‘yicha jami 25,7 MVt quvvatda (ijtimoiy soha ob’ektlariga 12,6 MVt, tadbirkorlik sub’ektlariga 10,4 MVt, aholi xonadonlariga 2,7 MVt) quyosh panellari o‘rnatish hisobiga oyiga o‘rtacha 4,6 million kVt/soat (yiliga 55,5 million kVt/soat) elektr energiyasi ishlab chiqarilib, bu 23 ming aholi xonadonlari iste’moliga teng demakdir.
Masalaga ekologik nuqtai nazardan yondashsak, mazkur aholi xonadonlariga elektr energiyasi bilan birga toza havo ham kirib bordi, desak yanglishmaymiz. Shu o‘rinda Navoiy shahrining sanoat zonasi hududidagi “ZARAFSHON INDUSTRIAL TECHNOLOGY” QKda tomonidan viloyatda elektr energiyasini noan’anaviy tarzda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyiha alohida samaradorlikka egaligini ta’kidlash joiz. Unga ko‘ra korxona tomonidan atmosferaga tashlanayotgan is gazi qayta ishlanishi hisobiga suv bug‘ turbinasi orqali generatsiya qilinib, elektr energiyasi ishlab chiqarish yo‘lga quyildi.
Ushbu korxonaning elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyoji 2 MVt ni tashkil etgani holda shundan, 1,4 MVt (1 oyda 1 million kVt/soat) yoki 70 foiz ehtiyojini o‘zi ishlab chiqarib, 1 milliard so‘m mablag‘ tejalishi yoki 5 mingta aholi xonadonini elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlash imkonini bermoqda.
Ayni kunlarda korxonada 2-bosqichda 15 MVt quvvatli bug‘ gaz turbinasi o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Ushbu loyiha doirasida korxonaning o‘z ehtiyoji 3 MVtni tashkil etib, qolgan 12 MVtni tarmoqqa sotish rejalashtirilgan. Natijada atmosferaga yiliga o‘rtacha 1100 tonna is gazini chiqarishning oldi olinib, 50 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Albatta, atrof-muhitga uzoq yillar mobaynida yetkazilgan zararni qoplash va toza iqlimga erishish uchun “yashil” iqtisodiyotni joriy etishning o‘zi kifoya emas. Shu bois mamlakatimiz rahbari tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish tashabbusi ilgari surilib, daraxt ekish va uni ko‘kartirish, bog‘-rog‘lar, “yashil” belbog‘lar barpo etish, cho‘llanishning oldini olish tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Xususan, so‘nggi uch yilda birgina Navoiy viloyatida qariyb 40 million dona har xil turdagi daraxt va buta ko‘chatlari ekilib, 70 gektar yer maydonida “yashil bog‘”, “yashil belbog‘”, “yashil jamoat parki” tashkil etildi hamda joriy yildan “mening bog‘im” loyihasiga start berildi. Shu loyihalar doirasida 2024 yil bahor mavsumining o‘zida viloyat hududida rejalashtirilgan 8 million 842 ming dona ko‘chat o‘rniga qariyb 9,5 million dona ko‘chat ekilib, ular to‘g‘risidagi ma’lumotlar maxsus platformaga kiritildi.
Shuningdek, 2024 yil kuz mavsumi doirasida rejalashtirilgan 5 million 621 ming tup daraxt va butalar ekilishi uyushqoqlik bilan amalga oshirilib, ularni parvarishlash, sug‘orish tizimini yo‘lga qo‘yish hamda o‘z vaqtida zararli hashoratlardan himoyalash uchun dorilash bo‘yicha mas’ullar biriktirildi.
Kuz mavsumida ekilayotgan ko‘chat turlari viloyatning iqlim sharoiti va Fanlar Akademiyasining ishlab chiqilgan tavsiyalaridan kelib chiqib, suvsizlikka va kasalliklarga chidamli mos turlari (gujum, qayrag‘och, katalpa, akatsiya, zarang, shumtol, tut, jiyda, yong‘oq, terak) tanlab olindi.
Alohida tadqiqotlar o‘rta yosh va kattalikdagi bitta daraxt uch kishi ehtiyojiga yetarli miqdorda kislorod ishlab chiqarishini tasdiqlaydi. Shu jihatdan mulohaza qilsak, birgina Navoiy viloyatida ekilgan dov-daraxtlar bir necha avlodga yetarli kislorod zaxirasi yaratishga imkon beradi, degan fikr tug‘ilishi mumkin. Biroq o‘sha tadqiqot manbalari 2010 yildan buyon yer yuzida uglerod va is gazlari tashlanmasi miqdori har yili 0,5-0,7 foizga ortib borayotganligini ma’lum qiladi.
Tabiiyki, bunda sanoat korxonalari, avtotransport va boshqa sub’ektlarning ulushi katta. Shularni inobatga olgan holda dunyo olimlari yer yuzidagi har bir inson o‘zining kislorod ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun yetti dona daraxtga ega bo‘lishini ta’kidlaydi.
Albatta, bunda har bir mintaqaning iqlim sharoiti va okeanlar, shuningdek, suv havzalarining hissasi o‘rtacha inobatga olingan. Mazkur omillarga tayangan holda xulosa qilsak, yurtimizda o‘rtacha har bir kishiga 7-10 tagacha daraxt to‘g‘ri kelishi ahvolni mo‘’tadillashtirishi mumkinligi ayon bo‘ladi. Shu bois mamlakatimizda davlatimiz rahbari tomonidan har bir qarich yer va har tomchi suvning qadriga yetib, “yashil makon” barpo etish, kelajak avlodlarga ekologik muvozanat ta’minlangan vatan qoldirishdek ezgu maqsad ilgari surilmoqda.
Prezidentimizning 2021 yil 30 dekabrdagi “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilyapti. Mazkur yo‘nalishda universitetimiz tomonidan ham qator tadbirlar amalga oshirilib, birgina joriy yilda Karmana tumanida joylashgan Sardoba mahallasiga qarashli keng maydonga 5000 tadan oshiq har xil turdagi daraxt ekildi hamda maxsus platformaga kiritildi. Shuningdek,universitetning bosh binosida loyiha doirasida “Yoshlar bog‘i”, hududidagi yana bir maydonda “Olimlar bog‘i” tashkil etildi. Umid massividagi binosining 9,5 gektar bog‘ida 20 ming tup daraxt ko‘chati ekilib, ularni sug‘orish va parvarishlash bo‘yicha mas’ullar biriktirildi. Muhimi mazkur masalada faol yoshlarimiz tashabbuskorlik ko‘rsatmoqda. Albatta, bu kabi tadbirlar talaba yoshlarimiz qalbida ona tabiatga muhabbat, atrof-muhit sofligiga daxldorlik hissini ulg‘aytiradi.
Muhiddin Kalonov,
Navoiy davlat universiteti rektori, professor
O‘zA