“Yashil” iqtisodiyot: ilmiy-innovatsion yondashuvlar mutaxassislar muhokamasida bo‘ldi
Toshkent kimyo-texnologiya institutida “Barqaror rivojlanish va "yashil" iqtisodiyot – 2026” xalqaro ilmiy haftaligi o‘tkazildi. Mazkur haftalik ekologik barqarorlik, “yashil” iqtisodiyot va innovatsion texnologiyalarga bag‘ishlangan nufuzli muloqot maydoniga aylandi.
Anjumanda Germaniya, Italiya, Ispaniya, Xitoy, Malayziya, Qozog‘iston kabi qator davlatlardan soha olimlari va ekspertlar ishtirok etdi.
Ishtirokchilar tomonidan ekologik iqtisodiyot, kam uglerodli taraqqiyot, chiqindisiz texnologiyalar va aylanma iqtisodiyot bo‘yicha ilg‘or g‘oyalar ilgari surildi. Bu tashabbuslar nafaqat xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, balki barqaror taraqqiyotga xizmat qiladigan amaliy yechimlarni yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ta’kidlash lozimki, bugun “Yashil” iqtisodiyot — tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik xavflarni kamaytirish va iqtisodiy o‘sishni barqaror rivojlantirishga qaratilgan zamonaviy iqtisodiy model sifatida dolzarb ahamiyatga ega. Bu yo‘nalishdagi ilmiy va innovatsion yondashuvlar energiya tejamkorligi, qayta tiklanuvchi energiya, raqamli texnologiyalar va ekologik boshqaruvni zamin bilan hamnafas ravishda rivojlantirishda alohida o‘rin tutadi. Shu ma’noda bugungi kunda “yashil” iqtisodiyot sohasidagi ilmiy tadqiqotlar quyosh, shamol, gidro va biomassa energiyasidan samarali foydalanish kabi masalalarga qaratilmoqda.

Haftalik doirasida mamlakatimizda aynan ekologiya sohasidagi ilmiy yondashuvlar va innovatsion texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilayotgani, bu borada qator hayotiy loyihalar amalga oshirilayotganiga urg‘u qaratildi. Jumladan, sanoat va qishloq xo‘jaligida suv, elektr energiyasi va xomashyoni kam sarflaydigan innovatsion texnologiyalar joriy etilayotgani, tomchilatib sug‘orish, “aqlli” energiya tizimlari, chiqindilarni qayta ishlash texnologiyalari, energiya samarador binolar barpo qilinayotgani kabi chora-tadbirlar e’tirof etildi.

Anjumanda O‘zbekiston Ekologik partiyasi yetakchisi hamda partiya fraksiyasi a’zolari ham ishtirok etib, tadbirda ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslarni hayotga tatbiq etishda hamkorlikka doimo tayyor ekanini bildirdi. Shuningdek, partiya tomonidan sohada olib borilayotgan sa’y-harakatlar xususida ma’lumotlar berildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA