Yashil fikr, barqaror kelajak
Qishloq xo‘jaligi deganda ko‘pchilikning ko‘z oldiga g‘allazor, qirlarda o‘tlab yurgan chorva mollari, g‘arq pishgan mevali bog‘lar, quyosh taftida mehnat qilib, yuzlari qoraygan dehqonlar keladi. Endilikda zamonaviy texnologiyalar va innovatsion yondashuvlar hayotimizga kirib kelmoqda. Ayniqsa, ekologik toza texnologiyalar, raqamlashtirish jarayonlari, "yashil” iqtisodiyot va fermerlikni yanada barqaror zamonaviy tashabbuslari bu taassurotlarni o‘zgartirmoqda.
Bayram Kaliyev Samarqand davlat veterinariya meditsinasi chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali 4-bosqich talabasi. U katta oilada, besh farzandning uchinchisi bo‘lib voyaga yetdi. Onasi — oshpaz, otasi esa shofyorlik kasbi ortidan farzandlarini mehnatsevar, izlanuvchang, tashabbuskor va sabrli qilib tarbiyaladi.
Qishloqning boshqa bolalari kabi Bayram ham maktab davrida fermerlikka, tadbirkorlikka qiziqdi. Keng dalalar, yer hidi, yerda mehnat qilish va hosil olish — hayotining mazmuni edi. Vaqt o‘tib, ulg‘aygani sari, qo‘y, echki, tuya, qoramol... nafaqat ozuqa manbai, balki barqarorlik ramzi ekanini tushundi. Ulardan olinadigan go‘sht, sut, jo‘n, teri kabi mahsulotlar har bir oilaning farovonlik manbai ekanini anglab yetdi.
Maktabni tamomlab, veterinariya yo‘nalishida ta’lim olishga qaror qildi. Bayram va uning kursdoshlari o‘tgan yili O‘zbekiston bo‘ylab o‘tkazilgan “Yoshlar va innovatsion qishloq xo‘jaligi” tanlovida g‘olib bo‘ldi. Mukofot Berlinda o‘tkaziladigan “Yashil hafta” xalqaro ko‘rgazmasiga yo‘llanma bo‘ldi.
–80 dan ortiq davlat ishtirok etgan tadbirda “yashil” iqtisodiyot so‘zining ma’nosini yanada aniq ko‘rdim, – deydi Bayram. — Ko‘rgazmada tabiat va inson o‘rtasidagi muvozanatni saqlash, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, suv va yer resurslarini tejash, atrof-muhitni muhofaza qilish g‘oyasi mujassam edi. E’tiborli jihati — kelgusi 100 yilda dunyo aholisini oziq-ovqat bilan ta’minlash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan yirik strategiyalar bilan tanishdik. Xususan, dunyoda quyon go‘shtiga bo‘lgan qiziqish va talab yillik 25 foizgacha o‘sib borayotgani menga yangi g‘oya berdi.
Berlinddan qaytgach, Bayram mahalliy sharoitga mos, iqtisodiy va ekologik jihatdan samarali bo‘lgan quyonchilik loyihasini ishlab chiqdi. Quyon go‘shti — parhezbop, yengil hazm bo‘ladigan, yurak-tomir tizimiga foydali va immunitetni mustahkamlovchi mahsulot sifatida keksa va bolalar uchun ayni muddao. Quyonlar kam ozuqa talab qiladi, tez ko‘payadi — yiliga 5-6 marta tug‘ib, har gal 10-12 ta bola beradi. Agar har bir xonadon quyon parvarishi bilan shug‘ullansa, bu nafaqat oziq-ovqat xavfsizligi, balki yoshlar bandligi va daromad manbai ham bo‘lishi mumkin.
Bayram yaqinda yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan yana bir tanlovda “SmartFarm” loyihasi bilan ishtirok etib, g‘olib bo‘ldi. Bu bir qarashda oddiy, aslida esa zamonaviy fermerlikni tubdan o‘zgartiruvchi g‘oya. Loyihada chorvachilikni raqamlashtirish, ya’ni hayvonlarni identifikatsiya qilish va GPS-chiplar orqali onlayn kuzatish orqali har bir xo‘jalikning hisob-kitobli va tizimli ishlashini ta’minlaydi Bu loyiha ko‘magida yo‘qolgan hayvonlarni izlash, epizootik kasalliklar yuzaga kelganda chipli hayvonlarni tez aniqlab, ekologik xavfsizligini ta’minlash osonlashadi. Shuningdek, hayot siklini monitoring qilish orqali oziq-ovqat xavfsizligini yaxshilash, isrofgarchilikni kamaytirishga xizmat qiladi.
Yosh tadbirkor yangi-yangi g‘oyalar ustida ishlar ekan, faqat iqtisodiy manfaat emas yashash hududidagi ekologik holatga ham e’tibor qaratmoqda. Qoraqalpog‘iston sharoitida tuya — iqlimga mos, ozuqqa tejovchi, yuqori mahsuldorligi bilan strategik ahamiyatga ega. Qurg‘oqchilikka chidamli tuyalar parvarishlash esa nafaqat iqtisodiy, balki ekologik samara beradi. Shu sababli yosh tadbirkor sahroda tuyalar parvarishini ekologik barqarorlikdagi o‘rni mavzusida ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Bu boradagi bilimlarini chuqurlashtirib, kelajakda tuya parvarishlashni zamonaviy va samarali usullarini topish bilan sahro barqarorligini saqlashni niyat qilmoqda.
Qayd etish kerakki, hozirgi global muammolar — iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi, yer va suv resurslarining tanqisligi dunyo mamlakatlarini yashil iqtisodiyotga ўtiшга majbur etmoqda. Bu jarayonda esa qishloq xo‘jaligi — barqaror rivojlanishning eng muhim sohasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Tuyalar parvarishi, ekologik barqarorlik nuqtai nazaridan juda muhim. Ayniqsa, cho‘l va yarim cho‘l hududlarga ega Qoraqalpog‘iston, Qozog‘iston va Turkmaniston kabi mintaqalar uchun tuya parvarishi nafaqat samarali, balki ekologik barqaror yechim sifatida ham qaraladi.
Bayram Kaliyev o‘z loyihalarida innovatsiyalar va texnologik ishlanmalarni agrar tarmoqqa joriy etishga intilmoqda.
–Ko‘pchilik texnologiyani shahar bilan bog‘laydi, –deydi Bayram.– Men esa innovatsiya – dalada ham ish berishini, bunda esa yoshlar asosiy kuch ekanini isbotlamoqchiman. Agar imkoniyat berilsa, ekologiyani saqlab qolish va iqtisodiyotni rivojlantirish iloji bor. Eng katta orzum – yurtimda har bir fermer “aqlli xo‘jalik” yuritsin. Har bir qishloq yoshlari o‘z loyihasi bilan viloyat, mamlakat va hatto dunyo miqyosida muvaffaqiyat qozonsin.
Hozirda iqlim o‘zgarishi, suv va yer resurslarining tanqisligi, aholi soni ortishi va oziq-ovqat xavfsizligi muammolari butun dunyoda, xususan Markaziy Osiyoda ham barqaror rivojlanish haqida jiddiy o‘ylashni talab qilmoqda. Bu murakkab sharoitda esa qishloq xo‘jaligi sohasi nafaqat aholini oziq-ovqat bilan ta’minlaydi, balki iqtisodiy o‘sish, bandlikni ta’minlash va ekologik barqarorlikni saqlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Markaziy Osiyo kelajagi — ilmli, zamonaviy fikrlaydigan va ekologik ongga ega yoshlar qo‘lida. Qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, biotexnologiyalar va resurs tejaydigan modellarni amaliyotga joriy etish orqali mintaqada iqtisodiy samaradorlikka erishish bilan birga, tabiatni asrash, iqlimga moslashish va kelajak avlodga barqaror muhit qoldirish mumkin.
Sayyora Shoyeva, jurnalist