“Yashil energiya”: soliq imtiyozlari belgilanmoqda
Mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish, sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash, sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Endilikda mazkur sohadagi ishlarni yanada jadallashtirish maqsadida amaldagi qonun hujjatlariga “Yashil energiya” sertifikatlarini berish va muomalaga kiritishga, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga doir o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Shu maqsadda ishlab chiqilgan “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish yanada rivojlantirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida birinchi o‘qishda muhokama etildi.
Bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan qonun loyihasiga ko‘ra, “yashil energiya” sertifikatlari savdosidan tushgan daromadlarga doir soliq imtiyozlarini belgilash nazarda tutilmoqda.

– Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni hayotimizga keng joriy etish bugungi kunning eng muhim masalalaridandir, – dedi fraksiya rahbari X.G‘afforov. – Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, energiya samaradorligini oshirish orqali respublika hududlarida energiya taqchilligini bartaraf etish, bu boradagi ishlarni kompleks tashkil etish hamda investorlar uchun qulay sharoitlar va rag‘batlantirish mexanizmlarini belgilash imkonini beradi. Bu esa o‘z navbatida, partiyamiz dasturiy maqsad-vazifalari hamda elektoratimiz manfaatlariga to‘la mos.
Muhokamalar davomida fraksiya a’zolari qonun loyihasi yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirib, uni takomillashtirishga qaratilgan bir qator taklif-tavsiyalarni o‘rtaga tashladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA