Yashil energiya – barqaror kelajak sari dadil qadam
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi rahbari Abdushukur Xamzayev boshchiligidagi Ishchi guruhi Navoiy viloyatida bo‘lib, yashil iqtisodiyotni rivojlantirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish borasida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar bilan yaqindan tanishdi.
Ishchi guruh a’zolari dastlab Karmana tumanida joylashgan yirik quyosh fotoelektrostansiyasida bo‘ldi. 268 gektar maydonda joylashgan ushbu loyiha 2021 yil avgust oyida foydalanishga topshirilgan bo‘lib, Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi tomonidan 110 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritilgan.
Bu yerda yiliga o‘rtacha 252 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda. Natijada 80 million kub metr tabiiy gaz tejalib, atmosferaga 160 ming tonna zararli gazlarning chiqarilishi oldi olinmoqda. Bu ekologik muvozanatni saqlashda va atrof-muhitni muhofaza qilishda muhim ahamiyatga ega.

2024 yilning oktyabr oyida esa stansiya imkoniyatlari yanada kengaytirilib, qo‘shimcha 717 kVt quvvatdagi zamonaviy quyosh panellari o‘rnatildi va foydalanishga topshirildi. Hozirda yana 125 kVt quvvatdagi yangi panellarni o‘rnatish ishlari bosqichma-bosqich davom ettirilmoqda. Bu esa mamlakatimizda energiya tejamkorligini oshirish, ekologik barqarorlikni mustahkamlash va yashil iqtisodiyotni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.
Ishchi guruh a’zolari “Navoiyazot” AJda ham bo‘ldi. Bu yerda umumiy quvvati 5685 kVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi o‘rnatilgan. Ushbu loyiha yordamida yiliga qariyb 6 million 848,7 ming kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.
Ayni paytda korxonada atmosferaga chiqariladigan zararli tashlamalarni kamaytirish maqsadida muhim modernizatsiya ishlari ham amalga oshirilmoqda. Jumladan, 60 ming tonna karbonat angidrid gazini qayta ishlash sexi ishga tushirilgan. Bundan tashqari, 3- va 23-sexlarda atmosfera havosiga chiqariladigan ammiak, selitra changi va boshqa zararli moddalarning miqdorini kamaytirish uchun zamonaviy filtrlar o‘rnatilgan. Ushbu qurilmalar orqali atmosferaga tashlanadigan zararli moddalarning 90 foizi ushlab qolinyapti.

Navoiy erkin iqtisodiy zonasida faoliyat yuritayotgan “Navoi Milling Group” MCHJda bo‘lgan Ishchi guruh a’zolari bu yerda amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi.
Korxonada o‘rnatilgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari yordamida so‘nggi 5 oy ichida 202 ming kVt elektr energiyasi ishlab chiqarilgan.
Shuningdek, Ishchi guruh a’zolari “SOLAR ENERGY NAVOIY” MCHJ faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Bu korxonada quyosh fotoelektr stansiyalari va quyosh suv isitgichlari ishlab chiqariladi. Mahsulotlar xalqaro sifat va xavfsizlik talablariga to‘liq mos keladigan muvofiqlik sertifikatlariga ega. Bu yerda nafaqat uskunalar ishlab chiqariladi, balki ularni loyihalash, o‘rnatish va servis xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha ham ishlar amalga oshiriladi.

Bugungi kunda korxonada 40 dan ortiq yuqori malakali mutaxassislar faoliyat yuritmoqda. Ular tomonidan On-Grid, Off-Grid & Hybrid tizimlarida ishlovchi zamonaviy quyosh elektr stansiyalari ishlab chiqilmoqda. “A” sinfiga mansub yuqori sifatli energotejamkor quyosh panellari, turli quvvatdagi invertorlar va zaxira akkumulyatorlar esa ulgurji va qulay narxlarda taklif qilinmoqda.
Korxonada Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti olimlari bilan hamkorlikda qayta tiklanuvchi energiya sohasida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Bu esa sanoat va ilm-fan integratsiyasining yorqin namunasidir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri