“Yashil AI” yordamida ko‘chatlarning holati kuzatib boriladi
Ko‘chat ekib, bog‘ yaratish ota-bobolarimizdan meros bo‘lgan ezgu amallardandir. Azaldan xalqimiz o‘zi yashab turgan hududni obodonlashtirish, yashillikka burkash, ko‘chalar va yo‘l chetlarini turli manzarali daraxtlar bilan ko‘rkamlashtirishga alohida e’tibor qaratishgan.
Bugun ushbu azaliy qadriyatlarimiz davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Yurtimizda ekologik muhit barqarorligini ta’minlash maqsadida yashil maydonlarni ko‘paytirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Bu borada “Yashil makon” umummilliy loyihasi yurtimiz bo‘ylab keng quloch yoygani joylarda yashillik darajasini oshirishda muhim omil bo‘layotir.
Yaqinda Prezidentimiz “Yashil makon” umummilliy loyihasini yangi bosqichga olib chiqish, mahallalarda aholi uchun qulay ekologik muhit yaratish va innovatsion yechimlarni joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Unda mamlakatimizda yashil hududlarni kengaytirish, daraxtzor va bog‘lar barpo etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar sarhisob qilinib, galdagi vazifalar belgilab berildi, bir qator yangi tashabbus va g‘oyalar ilgari surildi.
Taqdimotda aytib o‘tilganidek, hududlarni yashillashtirish borasidagi sa’y-harakatlar bilan birga, ekilgan ko‘chatlarni saqlab qolish, ularni sug‘orish va parvarishlashni tizimli tashkil etish borasida kamchiliklar ham mavjud. Xususan, o‘tgan yil bahorda ekilgan ko‘chatlarning ma’lum qismi qurib qolgani, hududlar iqlimi va tuprog‘iga mos kelmaydigan daraxtlarni tanlash, suv ta’minoti bo‘lmagan joylarga ko‘chat ekish, kasallik va zararkunandalarga qarshi choralarning yetarli emasligi bunga sabab bo‘layotgani urg‘ulandi. Shuningdek, Orol dengizining qurigan tubida barpo etilgan o‘rmonlarni parvarishlash va himoya qilishda ham muammolar borligi ko‘rsatib o‘tildi.
Davlat rahbari tomonidan ushbu yo‘nalishdagi amaliy harakatlarning natijadorligini ta’minlashga qaratilgan qator takliflar bildirildi. Jumladan, sohada zamonaviy texnologiyalardan foydalanish masalasiga e’tibor qaratildi. Bu borada “Yashil AI” modulini tajriba tariqasida ishga tushirish rejalashtirilgan.
Bunda sun’iy intellekt yordamida tuproq, iqlim va suv ta’minoti tahlil qilinib, ko‘chat ekish uchun maqbul maydonlar va daraxt turlari bo‘yicha tavsiyalar shakllantiriladi. Ko‘chatlarning qurishi, suv tanqisligi, kasallik va zararkunandalar xavfini erta aniqlash, mas’ullarni ogohlantirish hamda natijalarni yagona xaritada ochiq kuzatish imkoniyati yaratiladi.
Bugun iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi kabi muammolar, o‘z navbatida, cho‘llanish va degradatsiya jarayonlarini tezlashtirmoqda. Shu bois, taqdimotda cho‘llanishga qarshi kurashish, bu yo‘nalishda xalqaro grantlarni jalb qilish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Cho‘l hududlaridagi yer resurslari va dorivor o‘simliklar imkoniyatlaridan samarali foydalanish, xususiy sektor ishtirokida yaylovlarda qo‘shilgan qiymat yaratadigan loyihalarni boshlash zarurligi ta’kidlanib, 2027-yil 1-iyulga qadar har bir hududda shunday namunaviy loyihani yo‘lga qo‘yish topshirildi.

— Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Yashil makon” umummilliy loyihasini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan tashabbuslari yurtimizda ekologik muhitni yaxshilashga tizimli yondashuv shakllanayotganini ko‘rsatadi, — deydi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zosi, partiya raisi o‘rinbosari Oybek Rahimov. — Ayniqsa, ko‘kalamzorlashtirish samarasini ekilgan ko‘chatlar soni bilan emas, ularning bir, uch va besh yildan keyingi holati bilan baholash zarurligi juda muhim. Bu “ko‘chat ekish”dan “daraxtni voyaga yetkazish” tamoyiliga o‘tish demakdir.
Mahallalar kesimida “yashil xarita”larni joriy etish, iqlim va tuproqqa mos daraxt turlarini tanlash, suv ta’minotini oldindan hal etish hamda ko‘chatlarni muntazam parvarishlash tizimi “Yashil makon”ning barqarorligini ta’minlaydi. Zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali qaysi hududga qanday daraxt ekish, uni qanday parvarishlash va suvdan qanchalik samarali foydalanishni ilmiy asosda belgilash imkoniyati kengayadi. Bu esa ko‘kalamzorlashtirishda sifat va natijadorlikni oshiradi, — deydi Ekopartiya vakili.
Darhaqiqat, bugun dolzarb tus olib borayotgan ekologik muammolarni bartaraf etish, ularning salbiy ta’sirini yumshatish hayot-mamot masalasiga aylanib bormoqda. Ana shunday vaziyatda hududlarning yashillik darajasini yanada oshirish, bunda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi amaliy sa’y-harakatlar samaradorligini ta’minlash hal qiluvchi ahamiyatga ega. Mazkur yo‘nalishdagi ishlarga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotgani esa belgilangan vazifalarning sifatli bajarilishi hamda aholi va mas’ullarning e’tiboriyu mas’uliyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA