Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Majlisda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2025 yil birinchi yarim yillikdagi ijrosi to‘g‘risidagi hisoboti muhokama qilinmoqda.
Kun tartibidagi masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov axborot bermoqda.
Majlisda ta’kidlanganidek, mamlakatimiz barqaror iqtisodiy o‘sish yo‘lida aniq natijalarga erishyapti. Xususan, 2025 yilning birinchi yarim yilligida mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmi 7,2 foizga oshgan. Yalpi ichki mahsulot tarkibida bozor xizmatlari 8,2 foizga, sanoat ishlab chiqarish 6,6 foizga, qurilish ishlari 10,7 foizga va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish 4 foizga oshdi.
Majlisda Hukumat tomonidan taqdim etilgan hisobotda mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining asosiy ko‘rsatkichlari, makroiqtisodiy barqarorlik, iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning izchil rivojlantirishni ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar batafsil bayon qilingani qayd etildi.
Xususan, hisobot davrida jami 21 mlrd. dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilib, bu ko‘rsatgich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,3 foizga o‘sgan. Qiymati 2,5 mlrd. dollarlik 30 ta loyihalarni ishga tushirish orqali 3 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilgan, 66 ta tumanga 50 mln. dollardan ko‘p sarmoya kiritilgan.
Davlat byudjeti daromadlari 144, 2 trln. so‘mga yetib, 27,8 foizga ko‘paygan. Davlat byudjetining xarajatlari hisobot davrida 173,3 trln. so‘mni tashkil etib, 16,4 foizga o‘sgan. Shundan ijtimoiy sohalarga yo‘naltirilgan mablag‘ 86,2 trln. so‘mni tashkil qilib, o‘tgan oyning shu davriga nisbatan 16,4 foizga ko‘p. Aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 14,7 trln. so‘m subsidiyalar ajratilgan.
[gallery-24724]
Jamshid Qo‘chqorov yillik inflyatsiya darajasi 8,7 foizga yetganini ma’lum qildi. Shuningdek, 21 mlrd. dollarlik investitsiyalar jalb etildi. Tovarlar va xizmatlar hajmi ilk bor 10,3 milliard dollarga yetdi. Aholining banklardagi depozitlari 134,5 triilion so‘mga yetdi. Tijorat banklari tomonidan 149 trillion so‘mlik kreditlar ajratildi.
Majlis o‘z ishini davom ettirmoqda.
Muhtarama Komilova, O‘zA