Yarim yilda aholi daromadlari 16,6 foizga oshgan
Bugun parlament quyi palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining yig‘ilishlarida Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2026-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi ko‘rib chiqilmoqda.
Hukumat tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilning yanvar-iyun oylarida yalpi ichki mahsulot (YAIM) 8,5 foizga o‘sib, 1 072,7 trln. so‘mga yetgan. Bunda bozor xizmatlari 16,9 foizga, sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish 8 foizga, qurilish ishlari 13,8 foiz va qishloq xo‘jaligi 4,7 foizga o‘sgan.
Yil boshiga nisbatan inflatsiya darajasi 3,3 foizni (2025-yilda 4,2 foiz) tashkil qilmoqda. Aholi daromadlari 16,6 foizga oshgan.
2026-yilning birinchi yarim yilligida Davlat byudjeti daromadlari 207,4 trln. so‘mni tashkil etib, 2025-yilning mos davriga nisbatan 63,2 trln. so‘mga ko‘p. Davlat byudjetining xarajatlari esa (davlat maqsadli jamg‘armalariga o‘tkazilgan transfertlar bilan birga) 205,6 trln. so‘mni tashkil etib, 2025-yilning mos davriga nisbatan 32,3 trln. so‘mga yoki 18,6 foizga o‘sgan.
Jumladan, birinchi yarim yillikda ijtimoiy xarajatlar uchun Davlat byudjetidan 105,8 trln. so‘m yoki 2025-yilning mos davriga nisbatan 8,5 trln. so‘mga yoki 8,7 foiz ko‘p mablag‘ ajratilgan. Xususan, ta’lim tizimiga ajratilayotgan mablag‘ miqdori o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,4 trln so‘mga yoki 12,4 foizga oshib, 49,5 trln. so‘mni tashkil etdi. Xarajatlarning 68,7 foizi umumiy ta’limga, 18,6 foizi maktabgacha ta’limga va 12,7 foizi esa kadrlar tayyorlashga yo‘naltirilgan.
M.Komilova, O‘zA